Qiyofasi eskirgan mahallalarda Renovatsiya dasturi doirasida koʻp qavatli uylar qurilishiga start berildi
Davlatimiz rahbarining topshiriqlari ijrosi doirasida Margʻilon shahrida “Yangi Oʻzbekiston” massivi qurilishi loyihasi boshlandi. Qiyofasi eskirgan mahallalarda Renovatsiya dasturi doirasida koʻp qavatli uylar qurilishiga start berildi.
Joriy yilning 12-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fargʻona viloyatiga qilgan tashrifi doirasida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazilgan edi, unda boshqa sohalar qatori viloyatda qurilish bunyodkorlik ishlarini yanada rivojlantirish boʻyicha vazifalar belgilab berilgandi. Xususan, Qoʻqon va Margʻilon shaharlarida, shuningdek, tumanlar markazlarida “Yangi Oʻzbekiston massivi” loyihasini takomillashtirish yuzasidan topshiriq belgilangan edi.
Jumladan, mahallalar qiyofasi eskiligicha qolib ketayotganiga tanqidiy eʼtibor qaratilib, shahar va tuman markazlarida 5 tadan eski mahallalarni tanlab olish, ularda 7-10 qavatli uylar qurish uchun xususiy sektorni jalb qilish, uylarni birinchi navbatda ushbu mahalla aholisiga berish boʻyicha koʻrsatmalar berilgandi.
Qisqa muddatda ushbu topshiriqlar ijrosi yuzasidan Margʻilon shahri Yangihayot koʻchasidagi 75 gektar yer maydonida 6 ming xonadonli “Yangi Oʻzbekiston” massivini qurish bosh rejasi ishlab chiqildi hamda “Ipakchi” va “Qirguli” MFYlar hududidagi bir qavatli maʼnan eskirgan turar-joy binolari oʻrnida Renovatsiya doirasida koʻp qavatli turar-joy binolarini qurish ishlari boshlandi.
Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.Ramatov, viloyat hokimi X.Bozorov hamda masʼul vazirlik vakillari ushbu qurilish ishlariga start berish tadbirida ishtirok etdilar.





