“Qurilish industriyasi va qurilish materiallari tarmogʻini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosi” mavzusida brifing

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida qurilish industriyasi va qurilish materiallarini ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda soha oldida turgan dolazarb masalalar va ularning yechimlari boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi. Ushbu vazifalarning ayrimlariga toʻxtalib oʻtamiz.
Xususan, topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida 2024-yilning dekabriga qadar 13 ta shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqish hamda 38 ta shaharsozlik normalari hamda qoidalarini roʻyxatdan oʻtkazib, amaliyotga joriy qilish ishlari yakunlanadi.
Ushbu normativ hujjatlarda, umumiy texnik meʼyorlar va talablardan tashqari, asoslar va poydevorlar hamdaa muhandislik inshootlari va tashqi muhandislik tarmoqlari, transport inshootlari, gidrotexnika, energetika va melioratsiya inshootlari hamda tizimlari shuningdek, shaharsozlik, turar joy va jamoat binolari yoʻnalishlarida loyihalash, qurish tartibotlari xalqaro talablarga moslashtiriladi.
Shuningdek, yil yakuniga qadar 16 qavatdan yuqori boʻlgan binolar qurish boʻyicha Toshkent arxitektura-qurilish universiteti qoshida alohida Konstruktorlik byurosi tashkil qilinadi.
Kelasi yildan qurilishda “resurs” usulidan voz kechilib, “hajm” usuliga oʻtish rejalashtirilgan. Xoʻsh, mazkur usulning dolzarbligi va ahamiyati nimada? Gap shundaki, yangi “hajm” usulning joriy etilishi nafaqat kelajakdagi qurilish uchun dastlabki budjetni va uning samaradorligini aniqlashga, balki undan toʻgʻridan-toʻgʻri loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bosqichida foydalanishga imkon beradi. Buning natijasida Loyiha-qidiruv tashkilotlarining xalqaro standartlar asosida loyihalashtirish ishlarini amalga oshirishi, xizmatlar koʻlamini kengaytirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilgʻor innovatsion dasturiy taʼminotlarni joriy etish imkoniyati yaratiladi.
Hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlarida Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish, loyihalarni koʻrib chiqish muddatlari optimallashtiriladi. Bu boradagi muammolarni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-sonli qaroriga tegishli qoʻshimchalar kiritildi. Unga koʻra Kengash aʼzolari soʻrovnoma kelib tushgan kundan boshlab oʻn bir ish kuni mobaynida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida loyiha-smeta hujjatlarining arxitektura qismini kelishadi yoki salbiy xulosa beradi. Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmalari, Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi Kengashning ishchi organi sifatida soʻrovnomani uch ish kunida loyiha-smeta hujjatlarining arxitektura qismini kelishib berishi zarur boʻlgan Kengash aʼzolariga yuboradi.
Kengash aʼzolari oʻz vakolati doirasida besh ish kunida loyiha-smeta hujjatlarining arxitektura qismini kelishadi va unga eʼtirozlar boʻlmagan holatda QR kod qoʻyilgan ijobiy xulosani yuboradi yoki kelishishni rad etadi. Xulosa beruvchilarning barchasidan ijobiy xulosalar olingandan soʻng tasarrufiy boshqarmalar uch ish kunida yakuniy xulosani arizachiga yuboradi. Bunda ariza beruvchiga elektron tizim orqali avtomatik tarzda QR kod qoʻyilgan xulosa beriladi. Kengash aʼzolarining javoblarida koʻrsatilgan xato va kamchiliklar toʻgʻirlanib, takroriy ariza yuborilganda hududiy boshqarma avval ijobiy javob yuborgan kengash aʼzosiga arizani qayta yubormasligi mumkin. Ushbu jarayon bilan ortiqcha ovoragarchilikning oldi olinadi, muddatlar qisqaradi va xizmatlar koʻrsatish sifati yaxshilanadi.
Endilikda uy-joy sotib olish boʻyicha kafolatli eskrou tizimi joriy qilinadi. Bunda developerlar oʻzlari qurayotgan uylar sotuvini tashkil qilish boʻyicha banklar bilan shartnoma tuzadi, bu uylarni olmoqchi boʻlgan odamlar pulini quruvchiga emas, toʻgʻridan-toʻgʻri bankka topshiradi. Banklar esa yigʻilgan pulni quruvchiga resurs sifatida beradi. Shunda banklar quruvchi va xaridor oʻrtasida koʻprik boʻlib, uy-joyni oʻz vaqtida va sifatli qurib, egasiga topshirishga kafil boʻladi. Yangi tizim Samarqand shahri, Yangihayot va Sergeli tumanlarida bir yil davomida tajribadan oʻtkazilishi belgilandi.
Albatta, amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlar avvalo, odamlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda turmush farovonligini yanada yaxshilash kabi maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

