Qurilish sohasi vakillari, tadbirkorlar bilan ochiq muloqot
Ayni paytda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida Qoraqalpogʻiston Respublikasida faoliyat olib borayotgan qurilish-pudrat tashkilotlari vakillari, loyihachilar, kommunal xoʻjaligi vakillari, ushbu sohada faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar uchun ochiq muloqot boʻlib oʻtmoqda.
Tadbirni Nukus shahrida boʻlib turgan Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Davron Adilov olib borayapti. Ochiq va konstruktiv ruhda boʻlib oʻtayotgan onlayn muzokarada sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar oʻzlarini qiynab kelayotgan masalalar yuzasidan mutasaddilarga murojaat yoʻllamoqdalar. Xususan, Toshkent shahridan onlayn muloqotga ulangan vazirlik markaziy apparatining masʼullari har bir savolni chuqur tahlil qilib, uning yechimi borasida oʻz taklif va mulohazalarini ilgari surishmoqda.


Bugungi kunda Davlatimiz rahbari boshchiligida Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, hududlarda “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini barpo etish, aholini uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha muayyan choralar koʻrilmoqda. Vazir oʻrinbosari D.Adilov taʼkidlaganidek, ushbu muloqot negizida har bir murojaatga yechim topish maqsadi mujassam. Shu maʼnoda yoʻllangan taklif mulohazalar asosida "Yoʻl xaritasi" ishlab chiqiladi va ijrosi boʻyicha amaliy ishga kirishiladi.
Aytish lozimki, amalga oshirilayotgan choralarga qaramay loyihalashtirish, ekspertiza va qurilishda sifat borasida muammolar ham bor.
“Ayrim joylarda oʻz ishiga masʼuliyatsizlik bilan qarayotganlar ham yoʻq emas”, - dedi D.Adilov.


Murojaatlar turlicha. Tadbirkorlar ekspertiza, loyihani muvofiqlashtirish, “Shaffof qurilish” MAT boʻyicha oʻz yoʻnalishlarida duch kelayotgan muammoli masalalari yuzasidan ochiq muloqotga kirishmoqdalar.
Tadbirkorlar tomonidan qurilishi tugallangan obyektlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga oid murojatlar ham yoʻllandi. Yana bir murojaatchi smeta resurs normalarida gʻisht terimlarini va suvoqlarni toifalash boʻyicha uchrayotgan ayrim muammolarini bildirdi. Har bir masala yuzasidan masʼullar chora tadbirlarni belgilab olishmoqda.


Qoraqalpogʻiston Respublikasida 1050 ga yaqin qurilish-pudrat tashkilotlari mavjud. Shuningdek, 100 ga yaqin loyiha qidiruv tashkilotlari faoliyat koʻrsatmoqda.
Muloqotda mazkur tashkilot vakillari reyting yuritishda yuzaga kelayotgan masalalar haqida ham oʻz savollarini maʼlum qildilar. Xususan, qurilish materiallari xaridi va bu boradagi ayrim muammolar ham ochiq oshkora bildirildi. Eslatib oʻtamiz, ayni paytda Nukus shahrida boʻlib oʻtayotgan onlayn muloqotda vazirlik va uning tashkilotlari masʼullaridan tashqari Markaziy bank va Savdo-sanoat palatasi vakillari ham ishtirok etmoqda.

