"Qurilish va kommunal sohadagi ishlar samaradorligini oshirishda korrupsiya holatlarining oldini olish va tizimni raqamlashtirish jarayonlari" mavsuida BRIFING
Xabaringiz bor, joriy yilning 5-mart kuni davlatimiz rahbari raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yigʻilishi oʻtkazilib, unda yurtimizda korrupsiyadan holi muhit yaratish boʻyicha qilingan ishlarga baho berilar ekan, kelgusidagi vazifalar ham belgilab berildi.
Xususan, boshqa sohalar qatori qurilish va kommunal sohadagi ishlar samaradorligini oshirishda korrupsiya holatlarining oldini olish va tizimni raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishga doir aniq tashabbuslar ilgari surildi. Shundan kelib chiqqan holda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan Bosh prokuratura bilan birgalikda korrupsiyaga barham berish, inson omilini qisqartirish va raqamlashtirish boʻyicha yoʻl xaritasi ishlab chiqildi.
Bunda arxitektura, qurilish va kommunal xoʻjaligi tizimlarini takomillashtirish, jumladan, mavjud byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, inson omilini qisqartirish va raqamlashtirish kabi jihatlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
1. Unga koʻra loyiha hujjatlarini kelishish jarayonlarini shaharlarning “raqamli egizak”lari orqali amalga oshirish tizimi joriy etiladi. Bunda barcha bosh rejalar geoaxborot tizimiga raqamli formatda yuklanadi va shaharlarning “raqamli egizak”lari yaratiladi. Xususan, 2025-yilda 12 ta shahar, 46 ta shaharcha va 94 ta qishloq aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini geoaxborot tizimga joylashtirish rejalashrtirilgan.
2. Arxitektura, shaharsozlik va qurilish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tizimi ham takomillashtiriladi. Hukumat qarorini qabul qilgan holda dastlab ekspertiment tariqasida, “Litsenziya” axborot tizimida I va II toifali obyektlarni loyihalashtirish faoliyati uchun litsenziya berish jarayonlarini raqamli formatga oʻtkazish maqsad qilingan.
Litsenziya talabgori boʻlgan tashkilotning moliyaviy holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soliq tizimidan, mutaxassislar haqidagi tegishli maʼlumotlarni oliy taʼlim va mehnat tizimlaridan integratsiya orqali olish yoʻlga qoʻyiladi.
3. Loyihalash topshiriqlarini ishlab chiqish va kelishish jarayonlarini raqamlashtirish boʻyicha texnik topshiriq ishlab chiqiladi. Jumladan, loyihalash topshiriqlarini ishlab chiqish va kelishish boʻyicha elektron platforma yaratish hamda test rejimida ishga tushirish maqsad qilinmoqda.
4. Obyektlarga texnik shartlar berish jarayoni ham toʻliq raqamlashtiriladi. Xususan, elektr, gaz, kanalizatsiya, ichimlik suvi, issiqlik taʼminoti va aloqa tarmoqlari toʻgʻrisidagi barcha zaruriy maʼlumotlar GIS formatda “Shaffof qurilish” tizimiga integratsiya qilinadi.
5. Loyihalashtirilayotgan obyektlar boʻyicha gidrogeologiya xulosalarini tayyorlash va taqdim etish jarayonlari ham raqamlashtiriladi. Shuningdek, ushbu xulosalarning yagona elektron reyestri yaratilib, uni “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi ekspertiza elektron platformasiga integratsiya qilgan holda ishga tushirish koʻzda tutilmoqda.
6. Instrumental-texnik tekshiruv oʻtkazish va xulosalarni taqdim etishning barcha jarayonlari raqamlashtiriladi va elektron reyestri yaratiladi. Mazkur reyestrni “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi ekspertiza elektron platformasiga integratsiya qilgan holda ishga tushirish jarayonlari jadallashtiriladi.
7. IV toifaga mansub obyektlarning loyiha hujjatlarini zilzilabardoshlik nuqtai-nazardan koʻrib chiqish va ilmiy xulosa berish jarayonlari ham raqamlashtiriladi va yagona elektron reyestri yaratiladi.
8. Obyektlarning loyiha hujjatlarini sanoat xavfsizligi nuqtai-nazardan koʻrib chiqish va ilmiy xulosa berish jarayonlarini raqamlashtirish boʻyicha texnik topshiriq ishlab chiqiladi. Xususan, zilzilabardoshlik xulosalarining yagona elektron reyestri yaratiladi.
9. Ekspertiza koʻrigiga taqdim etiladigan moliyaviy hisobotlar, koʻrsatkichlar va maʼlumotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri tegishli vazirlik va idoralarning elektron bazalaridan integratsiya usuli orqali qabul qilish yoʻlga qoʻyilmoqda.
10. Manzilli dasturlarni shakllantirish va limitlarni belgilash jarayonlarini raqamlashtirish boʻyicha texnik topshiriqlar ishlab chiqiladi. Ushbu jarayonda elektron platforma ishga tushirilib, tegishli axborot-dasturiy tizimlar bilan integratsiya qilinadi.
11. “Xavfsiz lift” yagona idoralararo elektron platformasi yaratiladi. Bunda liftlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, ularga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarning onlayn reyestrini yuritish, texnik xizmat koʻrsatilgan maʼlumotlarning tarixini saqlash, yilda bir marta oʻtkazilishi kerak boʻlgan sinov natijalarini tahlil qilish imkoniyatlari yaratiladi.
12. Uylarning texnik pasportlari, qurilgan yili, oxirgi taʼmirlangan vaqti va moliyalashtirish manbasi, taʼmirlangan qismlari, geolokatsiya koordinatalari, muhandislik kommunikatsiyalari holati va boshqa koʻrsatkichlarni oʻzi ifoda etgan “Turar joy” milliy axborot tizimi elektron platformasi ishlab chiqiladi.
13. Yana bir maʼlumot. “Mening uyim” billing tizimida boshqaruv organlari shaxsiy kabineti orqali oʻzi xizmat koʻrsatuvchi abonentlarga sms xabarnoma yuborish funksiyasi yaratiladi.
Boshqaruv organlari SMS-xabarnoma joʻnatish uchun oʻzlarining kabinetlari orqali SMS-apetlarni sotib olish imkoniyatiga ega boʻladilar. “Mening uyim” billing tizimi “e-sud” tizimi bilan integratsiya qilinadi. BU boʻyicha texnik yoʻriqnoma ishlab chiqiladi hamda sudga ariza kiritish xizmati ishga tushiriladi. Bugungi kunda mavjud 1,4 mln xonadondan iborat 42 ming 340 ta koʻp qavatli uylarni boshqarish tizimi toʻliq raqamlashtirilib, umumiy yigʻilishlar, hisobotlar, shikoyatlar va dispetcherlik xizmatlari ham raqamli koʻrinishga oʻtkaziladi. “Turar joy” milliy axborot tizimini yaratish orqali tizimga uylarning texnik holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritib borish yoʻlga qoʻyiladi. Aholi tomonidan qilinayotgan murojaatlarni toʻliq “Mening uyim” axborot tizimi orqali boshqaruv-servis kompaniyalariga yuborish va vazirlik tomonidan ularning ijrosini nazorat qilish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati yuzasidan aholining shikoyat va mulohazalari asosida ularning reytingi shakllantiriladi.
14. Issiqlik taʼminoti sohasida ham avtomatlashtirilgan billing tizimi takomillashtiriladi va zarur maʼlumotlar bazalari doimiy yangilab boriladi. Issiqlik taʼminoti sohasida integratsion “Situatsion markaz” tashkil etiladi.
15. Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv chiqarish xizmatlari uchun tariflar shakllanishini, kelishilishi va tasdiqlanishini raqamlashtirish ham koʻzda tutilmoqda. Ichimlik va oqava suv sifati va xavfsizligini monitoring qilish uchun “Water Lab” axborot tizimini joriy etish orqali mavjud laboratoriyalarni toʻliq raqamlashtirish va hisobotlarni elektron tarzda yuritish maqsad qilingan.
“Avtomatlashgan ombor” tizimini yaratish, biznes tizimlarini integratsiyalash va optimallashtirish hisobiga suv taʼminoti korxonalarining operatsion samaradorligi va shaffofligiga erishish ustida ishlab olib borilmoqda. Shuningdek, “Water Data” yagona maʼlumotlar bazasini ishga tushirish orqali suv taʼminoti sohasidagi tahliliy maʼlumotlarning elektron bazasi yaratiladi. Suv yoʻqotishlarni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha integratsiyalashgan tizim yoʻlga qoʻyiladi. Yaʼni, avariyalar boʻyicha buyurtmalarni qabul qilish va hisobini yuritish uchun “Suv Dispetcher” tizimi joriy qilinadi.
Ushbu reja va maqsadlar yoʻl xaritasida koʻzda tutilgan ayrim jihatlar edi.
Muhimi, sohani raqamlashtirishga qaratilgan bu kabi chora-tadbirlar bundan buyon ham takomiliga yetkazib boriladi.