Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari mas'ullari hamda Mahallalar uyushmasi vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Shenchjen shahrida bo'lib turibdilar
Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari mas'ullari hamda Mahallalar uyushmasi vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Shenchjen shahrida bo'lib turibdilar.
Dastlab delegatsiya a'zolari texnologiyalar, tadqiqotlar, ishlab chiqarish, biznes-iqtisodiyot, turizm va transport borasida global markazlardan biri bo'lgan Shenchjen shahri hukumati vakillari bilan uchrashdilar. Tadbirda kambag‘allikni qisqartirishda dunyo miqyosida eng rivojlangan shahar tajribasi xususida so‘z bordi.
Ta'kidlanganidek, kambag'al oilalarni kasbga yo'naltirish, uy-joy bilan ta'minlash yoxud ularning yashash sharoitlarini yaxshilashda Shenchjen shahri yaxshi samaraga erishgan. Ushbu jarayonda hukumat va tadbirkorlarning samarali hamkorligidan unumli foydalanilgan.
Tadbir davomida mazkur yo'nalishda hamkorlik loyihalarining istiqbollari muhokama qilinmoqda.
Mamlakatimizning bir qator vakolatli davlat tashkilotlari vakillaridan iborat guruhlar Xitoy Xalq Respublikasida bo'lib, aholining bandligini ta'minlash orqali kambag'allikni qisqartirish bo'yicha amalga oshirilgan manzilli ishlar bilan tanishmoqdalar.
Xususan, Liangshan Yi avtonom prefekturasi bo'lib o'tgan yig'ilish ham ayni maqsadda tashkil etildi. Erkin muloqot va o’zaro fikr almashish asnosida o'tkazilgan tadbirda tomonlar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini muntazam bandligini ta'minlash, ularni qo'llab-quvvatlash, uy-joylar uchun imtiyozli kreditlar ajratish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, Xitoyning kichik tadbirkorlikni rivojlantirishdagi tajribasi xususida qiziqarli ma'lumotlar berildi.
Tadbir yakunida tomonlar kelgusidagi hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga kelishib oldilar.
Ayni kunlarda xizmat safari bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo’lib turgan vazirlik va kommunal sohaga taalluqli mas’ullar Shenchjen shahrida joylashgan va aholini kasbga tayyorlashga ixtisoslashgan texnika maktabi faoliyati bilan tanishdilar.
Ta’kidlanganidek, mazkur o’quv maskanida fuqarolar 14 yoshdan ta’lim olishlari mumkin. Jumladan, santexnik, elektrik, payvandchi, uy ustasi, liftga xizmat ko‘rsatish mutaxassisliklari bo’yicha yo’nalishlar tashkil etilgan bo’lib, nazariy va amaliy darslarda yoshlar eng zarur kasblarga o‘rgatiladi.
Ma’lumot uchun, hozirda maktabda jami 8 000 ming nafar o’quvchi o‘qitilmoqda.
Delegatsiya a’zolari mazkur jarayon bilan yaqindan tanishdilar. Jarayonda ta’lim sohasidagi hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga kelishib olindi.