Qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi vaziri o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva boshchiligida respublikada faoliyati yurituvchi boshqaruv organlari, kommunal sohaga mas’ul tashkilot vakillari bilan navbatdan tashqari yig’ilish o’tkazilmoqda
Ayni daqiqalarda Qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi vaziri o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva boshchiligida respublikada faoliyati yurituvchi boshqaruv organlari, kommunal sohaga mas’ul tashkilot vakillari bilan navbatdan tashqari yig’ilish o’tkazilmoqda.
Unda davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan topshiriqlarning ijro holati muhokama qilindi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan joriy yilda 5 409 ta ko’p kvartirali uyni kuz-qish mavsumiga tayyorlash rejalashtirilgan. Bugungi kunda boshqaruv organlarining 92 mlrd so’m mablag’lari asosida 4 428 ta uy ta’mirlandi. Joriy yilning 1-oktabriga qadar yana 981 ta uyda ta’mirlash ishlarini bajarish rejalashtirilgan.
Shuningdek, debitor qarzdorliklarni qisqartirish yo’nalishida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bu yo’nalishda yana yangi islohotlarga qo’l urilayotgani boshqaruv organi faoliyatini takomillashtirish yo’lidagi katta qadam hisoblanadi.
Shu ma’noda xalq bilan ishlashda boshqaruv organlarining mas’uliyatini oshirish lozimligi ta’kidlandi.


Yig’ilish tanqidiy ruhda davom etmoqda.
Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo’yicha ko’zga tashlanayotgan kamchiliklar muhokama qilindi.
Joriy yil boshidan bugungi kunga qadar vazirlikka jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan jami 20 815 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 10 314 tasi ko’p kvartirali uy-joylarda umumiy mulkni saqlash va ta’mirlash hamda boshqaruv tashkilotlariga to’g’ri keladi.
Ozoda Jo’rayeva mazkur raqamlarni ta’kidlar ekan, yaratilgan shuncha imkoniyatga qaramay murojaatlar soni amalga oshirish lozim bo’lgan ishlar ko’pligini bildirishini qayd etdi.
- Sohaga bugungi kunda hukumat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu yo’nalishlarda islohotlarimiz ham izchil davom etmoqda. Ammo o’z vazifasini hanuzgacha chuqur anglamayotgan yoxud mas’uliyatsizlik qilayotganlar mavjud. Sizning e’tiborsizligingiz soha rivojiga to’siq bo’lishi kerak emas,- dedi Ozoda Jo’rayeva.



