Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva boshchiligidagi mas’ullar Buyuk Britaniya elchixonasi vakillari, xususan elchi janoblari Timoti Smart va bir qator boshqa mutasaddilar bilan uchrashdilar
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva boshchiligidagi mas’ullar Buyuk Britaniya elchixonasi vakillari, xususan elchi janoblari Timoti Smart va bir qator boshqa mutasaddilar bilan uchrashdilar.
Dastlab vazir o‘rinbosari uchrashuv ishtirokchilariga vazirlik faoliyati, qurilish-kommunal sohasining mamlakatimiz iqtisodiyotida tutgan o‘rni, amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, xususan, tizimni raqamlashtirish, sohada energosamaradorlikni oshirish kabi ishlar xususida ma’lumot berib o‘tdi. Shuningdek, sohada mutaxassislarni malakasini oshirish yuzasidan olib borilayotgan amaliy ishlarga to‘xtalib o‘tildi.
- Mamlakatimizda qurilish va aholiga kommunal xizmat ko‘rsatish sohasiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Iqtisodiyotimizning eng muhim tarmoqlarini rivojlantirish orqali biz, eng avvalo, yurtboshimiz boshlab bergan ulkan g‘oya, xalq manfaatining har narsadan ustunligini ta’minlash yo‘lida harakat qilmoqdamiz. Bu yo‘lda xorijning eng ilg‘or tajribalarini o‘z amaliyotimizda qo‘llashdan mamnun bo‘lamiz,- dedi Ozoda Jo‘rayeva.
Uchrashuvda shuningdek, Buyuk Britaniyaning CONNEX platformasi, O‘zbekistonning mazkur platformaga kirish imkoniyati va qo‘llab-quvvatlash uchun investitsion loyihalarga yordam berish masalalari bo‘yicha ma’lumot berildi. Dunyo miqyosida iqlim, energetika va suv xavfsizligi bo‘yicha keng loyihalarni amalga oshirib kelayotgan platforma mamlakatimizning qurilish va kommunal sohasida hamkorlik qilishdan mamnun bo‘lishini bildirdi.
Muloqot yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik loyihalari va uning imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.