Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva bugun aholi kayfiyati boshqaruv tashkilotlari ishini o‘rganish uchun poytaxtimizning Yashnobod tumanida bo‘ldi
Bugun ko‘p kvartirali uylarni boshqarish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tizimda raqobat muhitini oshirishga xizmat qilmoqda. Xalq tanlovi, aholi roziligi asnosida faoliyatini tashkil etayotgan boshqaruv tashkilotlari ham bugun ancha sergak tortgan.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva bugun aholi kayfiyati, ularni qiynayotgan muammolar va joylarda o‘z faoliyatini ko‘rsatib kelayotgan boshqaruv tashkilotlari ishini o‘rganish uchun poytaxtimizning Yashnobod tumanida bo‘ldi.
Vazir o‘rinbosari bir qator aholi bilan suhbatlashib, ularning sohaga doir muammolarini qabul qildi.
Shuningdek, Ozoda Jo‘rayeva “LMM GRIN” hamda “Doston kommunal” BSKlarni ham ko‘zdan kechirib, ular faoliyatida uchrayotgan muammolar tahliliga kirishdi. Tegishli mutaxassislar bilan eng optimal choralar muhokama qilindi.
-Bugun sizning faoliyatingizga haqiqiy bahoni xalq beradi. Shuning uchun, xizmat sifatini oshirish, ularning muammolari bilan ishlash lozim. Biz ushbu raqobat muhitiga erishish uchun ko‘p harakat qildik. Endi siz sohada samarali mehnat ko‘rsatibgina rivojlana olasiz,- dedi Ozoda Jo‘rayeva.
Muhokamalar so‘ngida mahalla faollari ishtirokida xalq fikri o‘rganilishi va muammoga faqatgina ularning qarori asosida yechim berilishi tushuntirildi.




