Qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi vaziri o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva ko’p kvartirali uylarga xizmat ko’rsatish sohasini o’rganish maqsadida poytaxtimizning Yangihayot tumanida bo’ldi
Qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi vaziri o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva ko’p kvartirali uylarga xizmat ko’rsatish sohasini o’rganish maqsadida poytaxtimizning Yangihayot tumanida bo’ldi.
Xususan, vazir o’rinbosari “Sergeli-Chostepa PBK” boshqaruv organi faoliyatini ko’zdan kechirdi.
Boshqaruv kompaniyasining ish faoliyatini tizimli tashkil etmagani, hududlarni obodonlashtirish, uyning texnik holatini saqlash va unda mavjud muammolarga e’tiborsizlik bilan yondoshilayotganligi qat’iy tanqid ostiga olindi.
- Ko’pchilik yangi uylarni ekspluatatsiya qilish oson deb o’ylashi mumkin. Ammo bu yanglish fikr. Bunday uylarning texnik holatini saqlab turish, ko’p yillar davomida aholiga xizmat qilishini ta’minlash uchun katta kuch va mehnat kerak. Qanday uy bo’lishidan qat’iy nazar kommunal sohada e’tiborsizlik va mulkdorlar oldida mas’uliyatni his qilmaslik muammolarni ko’paytirishga xizmat qiladi,- dedi Ozoda Jo’rayeva.
Shuningdek, murojaatlar bilan ishlash tizimida ham bir qator kamchiliklar yo’lga qo’yilgani aniqlandi. Faoliyatini bir yil avval yo’lga qo’ygan, 20 dan ortiq ko’p kvartirali uyga mas’ul bo’lgan kompaniya hanuz xizmat ko’rsatish sohasini tizimlashtirmagan. Bu esa bir qancha noroziliklarni keltirib chiqarmoqda.
Ta’kidlanganidek, bugungi zamonaviy talablarga bunday mas’uliyatsizlik bilan javob berib bo’lmaydi. Shu bois boshqaruv tashkilotiga sifat va samaradorlikni oshirish yuzasidan aniq vazifalar berildi.







