Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva "Mirzakalon Ismoiliy" mahallasida bòldi
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumani "Mirzakalon Ismoiliy" mahallasi 3-son uyning yerto‘lasidagi suv to‘planishi bilan bog‘liq muammo ijobiy yechim topmoqda. Ayni damda tegishli tashkilotlar tomonidan 319 mmlik magistral quvurni almashtirish ishlari olib borilmoqda. Aholining bir necha yillik muammosi hal etilayotgan bólsa-da, ayrim kimsalar tomonidan mazkur jarayonni notóğri talqin qilish holatlari ham kuzatilmoqda. Xususan, “Quvur tortilib, yertólaga suv tóplash oqibatida uyni “snos” ga tushirishmoqchi”, qabilidagi asossiz fikrlar, afsuski aholi orasida ortiqcha xavotir kelib chiqishiga sabab bòldi.
Bugun dam olish kuni, mulkdorlarning barchasi òz uyida bòlishi inobatga olingan holda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva "Mirzakalon Ismoiliy" mahallasida bòldi. Vazir órinbosari mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida jamoatchilik faollari, qariyalar, mahalla raisi va mutasaddilar, shuningdek, aholi vakillari bilan uchrashdi.
Unda olib borilayotgan ishlardan asosiy maqsad aholi manfaati, ularning muammosini hal etishga qaratilganligi alohida ta’kidlandi.
- Yurtboshimiz bejizga xalq manfaati har narsadan ustun, degan tamoyilni ilgari surmayaptilar. Zero, aholi mamnun bòlgan mamlakat rivojlanaveradi. Bizning ham maqsadimiz sizlarga yordam berish, muammoingizga yechim topish. Mazkur ishlar ortida ònlab soha vakillari tun-u kun mehnat qilmoqda. Sizga ishonch bilan aytamizki, tez kunlarda uyingiz yertòlasidagi muammo bartaraf etiladi. Asossiz gaplarga esa quloq solmang, chunki huquqlaringizga daxl qilishga hech kimning haqqi yòq,- dedi Ozoda Jòrayeva.
Uchrashuvda aholi vakillari sohaga doir boshqa qator savollariga ham javob oldilar. Xususan, lift, hududlarni obodonlashtirish masalasida tushuntirish ishlari olib borildi. Muhimi, quvur almashtirilgach, ushbu hududda boğ tashkil etilishi va uning asnosida aholiga qulay hordiq chiqarish sharoiti yaratilishi ta’kidlandi.
Ochiq, samimiy ruhda ótgan uchrashuvda jamoatchilik faollari mutasaddilarga òz minnatdorligini bildirib òtdilar. Shu òrinda faollarni aholi orasida tóğri tarğibot va tashviqot ishlarini olib borish maqsadida jalb etishga kelishib olindi.




