Qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi vaziri o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva Toshkent shahrining bir necha tumanlarida o’rganish ishlarini olib bormoqda
Ko’p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Mazkur jarayonga mas’uliyat bilan yondoshish, mavjud muammolarni oldini olish boshqaruv organlariga qo’yilgan talabning asosiy yo’nalishidir.
Shu ma’noda Qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi vaziri o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva Toshkent shahrining bir necha tumanlarida o’rganish ishlarini olib bormoqda.
Bugungi ilk manzil Chilonzor tumani “Al Xorazmiy” mahallasi bo’ldi. Mazkur mahallada mavjud 7 ta ko’p qavatli uyga xizmat ko’rsatuvchi “Farovon zamon servis” BSK faoliyati ko’zdan kechirildi. Xususan, ko’p kvartirali uylarda amalga oshirilgan ishlar, tadbirkorlik faoliyati, tashkil etilgan qo’shimcha servislar xizmatlari, uylarning texnik holati o’rganildi. Hududlarni obodonlashtirish, ko’kalamzorlashtirishda aniqlangan bir qator kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan topshiriqlar berildi. Shuningdek, aholiga qulaylik yaratish maqsadida tashkil etilgan xizmatlar sifatini oshirish, ish samaradorligini rivojlantirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Ikkinchi manzil ham Chilonzor tumani “Guliston” mahallasi bo’lib, mazkur hududda xizmat ko’rsatib kelayotgan “Zukko-oly” BSK ish faoliyati qoniqarsiz deb baholandi.
25 ta ko’p qavatli uyga xizmat ko’rsatuvchi 6 nafar ishchi-xodimdan iborat kompaniya bugungi talablarga umuman javob bermasligi, xususan, dispetcherlik xizmati, ko’p qavatli uylarning ekspluatatsiyasiga e’tibor qaratmaganligi bilan qat’iy tanqid qilindi. Aholi ham, mahalla faollari ham kompaniya faoliyatidan norozi ekanligini bildirdi:
- Sohada qancha islohot qilmaylik, boshqaruv organlariga qulaylik yaratishga intilmaylik o’z mas’uliyatiga bepisandlik qiladiganlar bor ekan aholimiz bizga ishonchi kamayib boraveradi. Biz xalq bilan bir tan-u bir jon bo’lib ishlashimiz, ularning og’irini yengil qilishimiz kerak. Eng birlamchi vazifalarini amalga oshira olmayotgan kompaniyadan qanday qilib zamonaviy xizmatlarni kutish mumkin,- dedi Ozoda Jo’rayeva.
Haqiqatan ham, BSK boshqaruvida bo’lgan uylar atrofi, yerto’lalar tartibsiz holatda. Ko’p qavatli uylarning texnik holati, boshqaruv organi binosida ham yetarlicha kamchiliklar mavjud.
Vazir o’rinbosari mazkur holatlarni oldini olish yuzasidan “Zukko-oly” BSK rahbariga zarur topshiriqlar berdi. Aholi murojaatlarini o’z vaqtida bartaraf qilinib, kamchiliklarni bartaraf etilmagan taqdirda tegishli tartibda chora ko’rilishi bo’yicha ogohlantirildi.





