Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayevaning Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi o‘rganish ishlari
Ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish sohasiga berilayotgan e’tibor boshqaruv tashkilotlariga qator imkoniyatlar yaratish bilan bir qatorda ular faoliyatiga yangi talablarni qo‘ymoqda. Ammo guruch kurmaksiz bo'lmaganidek, eski ish tizimida qolib ketgan va aholi oldida majburiyatini yetarli darajada his qilmayotgan boshqaruv tashkilotlari ham yo‘q emas.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayevaning Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi o‘rganish ishlarida ana shunday kompaniyalar faoliyati qat’iy tanqid ostiga olindi.
Ma’lumki, vazir o‘rinbosari ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv tashkilotlari faoliyati, aholining kayfiyati, sohaga doir mavjud muammolar bilan tanishish maqsadida hududlarda o‘rganish ishlarini olib boradi.
Bugun ham ayni maqsadda Chilonzor tumani “Kichik hirmontepa” va “Mehrijon” mahallalarida faoliyat yurituvchi “Max qur lider”, “Grand Great silk road servis” boshqaruv servis kompaniyalari hamda “Nasaf kommunalchi” shirkati faoliyati o‘rganildi. Boshqaruv tashkilotlari tomonidan ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarni obodonlashtirilishiga e’tibor berilmagani, yerto‘la, kirish yo‘laklaridagi holatlar tanqid ostiga olindi. Mazkur muammolar ikki-uch kunda paydo bo‘lmagani, uylar atrofi obodligiga umuman e’tibor berilmaganligi ta’kidlandi.
Shuningdek, hududdagi kamchiliklarga mahalla faollari ham yetarlicha e’tibor bermagani tilga olindi.
-Yurtboshimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda mahalla tizimiga juda katta vakolatlar berilmoqda. Kommunal soha, xususan, ko‘p qavatli uylar tozaligi yurtdoshlarimizning birlamchi ehtiyoji. "Mahalla yettiligi” aholimizning barcha muammolari bilan kurashishi kerak. Buning uchun sizda yetarli imkoniyatlar mavjud. Boshqaruv tashkilotlari ishlamasa, talabga javob bermasa birgalikda bu muammoni bartaraf etishimiz kerak. Bunda siz faollarning o‘rningiz katta,- dedi Ozoda Jo‘rayeva.
O‘rganish davomidagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha boshqaruv tashkilotlariga 2 kun muddat belgilanib, shaxsan vazir o‘rinbosari Ozoda Jo'rayeva nazoratida bo‘lishi ta’kidlandi.

,



