Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri oʻrinbosari Toir Alimatov Andijon viloyati qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-32-sonli Farmoniga muvofiq respublika bo‘ylab 52 ta hududda "Yangi O‘zbekiston" massivlarini qurish ishlari boshlangan.
Xususan, Andijon viloyati Asaka va Shahrixon tumanlarida ham "Yangi Oʻzbekiston" massivlarini qurish bo‘yicha ishlar qizg‘in olib borilmoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri oʻrinbosari Toir Alimatov bugun dastlab Asaka tumanida bunyod etilayotgan massivdagi qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi va bino inshootlarning sifati, sohadagi me'yor, qoidalarga amal qilinish holatlarini oʻrgandi.
Jarayonda quruvchi tashkilot rahbarlari hamda mutasaddilarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha zarur topshiriq va koʻrsatmalar berdi.
Shuningdek, monitoringlarda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari A.Sodiqov hamda hududiy inspeksiya mutaxassislari ishtirok etishmoqda.
Vazir o'rinbosari T.Alimatov boshchiligidagi ishchi guruhning navbatdagi manzili Asaka tumanidagi 57-sonli maktabga qoʻshimcha ravishda qurilayotgan 660 oʻrinli 4 qavatdan iborat oʻquv binosi bo‘ldi.
Mazkur obyektda qurilish madaniyati hamda xavfsizlik texnikasi qoidalariga amal qilinmayotgani vazir o'rinbosari tomonidan keskin tanqid qilindi.
Bir so'z bilan aytganda, obyektda texnik va mualliflik nazoratiga mas'ul mutaxassislar faoliyati qoniqarsiz deb baholandi.
T.Alimatov tomonidan mutasaddilarga kamchiliklarni tezda bartaraf etib, binoni sifatli qilib qurish ishlarini yakunlash talabi qo‘yildi.
Vazir o’rinbosarining Andijon viloyatidagi o’rganish ishlari ijtimoiy soha obyektlarida ham bo‘lib o‘tdi.
Xususan, Asaka tumani “Doʻrmon” MFYdagi 13-sonli MTTni rekonstruksiya qilish obyekti e’tibordan chetda qolmadi. Obyektning loyiha tashkiloti Andijon loyiha qidiruv ekspeditsiyasi MCHJ, pudratchisi “IDEAL STROY” MChJ hisoblanadi.
Ayni kunlarda bu yerda pardozlash ishlari yakunlangan va hududdaj obodonlashtirish ishlari amalga oshirilyapti. Shuningdek, 9 ta tashqi ayvonchalar qurib bitkazilgan bo’lib, kirish yoʻlaklariga beton quyish ishlari bajarilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PQ-404 sonli qaroriga asosan 2024-yilda Investitsiya dasturiga Asaka tumani “Shoʻrqishloq” MFY hududidagi 19-son maktabni rekonstruksiya qilish ishlari kiritilgan.
Hozirda ushbu obyektda samarali ishlar tashkil etilgan boʻlib, belgilangan muddatda ta'mirlashni yakunlash koʻzda tutilgan.
Rekonstruksiya ishlarini Andijon loyiha qidiruv ekspeditsiyasi MCHJ loyihasi asosida “ARK SERVIS MONTAJ” xususiy korxonasi bajarmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati 6 mlrd 79 million boʻlib, hozirda ishlar 85%ga qilingan.
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari Toir Alimatov mazkur maktabni rekonstruksiya qilish jarayoni bilan ham yaqindan tanishdi.
Oʻrganish davomida bajarilayotgan ishlardagi bir qator kamchiliklarni aytib oʻtdi va ularni zudlik bilan bartaraf etish choralarini koʻrish kerakligi toʻgʻrisida topshiriq berdi.
Jumladan, binoning pol qismiga toʻshalgan mramorning rang-barangligi, xona eshiklarining pastki qismlari bugungi kun standartlariga javob bermasligi hamda hojatxona pol qismiga toʻshalishi kerak boʻlgan qurilish materiallari ishlatilmaganligi qattiq tanqid qilindi.