Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov xorijiy davlatlarda taʼlim olayotgan va mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan onlayn suhbatga kirishdi
Ayni damda Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov xorijiy davlatlarda taʼlim olayotgan va mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan onlayn suhbatga kirishdi.
O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan mazkur onlayn uchrashuvda vatandoshlarimizning muammo va ehtiyojlarini o'rganish, tahil qilish, ijobiy yechim topish maqsad qilingan. Shuningdek, ularning sohaga doir savollariga ham javob beriladi.
BAA, Qirg‘iz Respublikasi, Turkiya, Misr, Janubiy Koreya, Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Polsha, Xitoy Xalq Respublikasi, Italiya, Fransiya kabi mamlakatlarda o’qib, mehnat qilayotgan yoshlar qatnashayotgan uchrashuv samimiy, ochiq va konstruktiv ruhda boshlandi.
Sherzod Hidoyatov dastavval, mamlakatimizda qurilish va kommunal sohalarda olib borilayotgan keng islohotlar xususida yoshlarga ma'lumot berib o'tdi:
- Bugun mamlakatimizdagi o’zgarishlar dunyo miqyosida tan olinmoqda. Ayniqsa, chet elda istiqomat qiluvchi yurtdoshlarimiz bilan suhbatda ularning mazkur o’zgarishlarga nisbatan yuqori taassurotlariga guvoh bo’lamiz. Sir emas, qurilish sohasi har bir mamlakat iqtisodiyotining muhim yo’nalishi hisoblanadi. Shu bilan birga alohida ta’kidlash lozimki, bunyodkorlik sohasini rivojlantirish orqali biz mamlakatimiz imijini yuqori bosqichlarga ko’tarishga erishamiz.
Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan qurilish va kommunal sohada qator islohotlarni amalga oshirib kelmoqdamiz. Alohida e’tirof etish joizki, so’nggi yillarda mamlakatimizda bunyodkorlik hajmi keskin o’sdi. Aholimizning uy-joylarga bo’lgan talablaridan kelib chiqib, har tomonlama zamonaviy, energotejamkor uylar barpo etilmoqda. Mazkur jarayonga xorijiy va mahalliy investorlarni jalb etishda ham katta yutuqlarga erishildi.
Tadbirkorlarga xavfsiz, jozibador muhit yaratildi. Sohaning ochiqligi, shaffofligini ta’minlashda raqamlashtirishga ham alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Bugun qurilish loyihadan boshlab, toki obyektni topshirgungacha bo’lgan jarayon to’liq raqamlashtirilgan.
Bu yo’nalishni rivojlantirishda hali oldinda turgan maqsadlarimiz ham yetarli. Bunda biz Sizlardek dunyoqarashi keng, zamonaviy bilimlarga ega, ko’zi chaqnoq yoshlar bilan hamkorlik qilishga doimo tayyormiz.
Tahlillarimiz shuni ko’rsatadiki, keskin o’zgarishlar yo’lida ketayotgan mamlakatlarda tadbirkorlikni boshlash va bundan yaxshi daromad topish ko’rsatkichi juda yuqori bo’ladi. Shubhasiz, O’zbekistonda ham bugun tadbirkorlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan, - dedi Sh.Hidoyatov.