Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov investitsiya dasturi doirasidagi ijtimoiy soha obyektlari bilan tanishish maqsadida Namangan viloyatida bo‘lib turibdi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov investitsiya dasturi doirasidagi ijtimoiy soha obyektlari bilan tanishish maqsadida Namangan viloyatida bo‘lib turibdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 404-son qaroriga asosan 2024-yil investitsiya dasturiga Namangan viloyatidan jami 11 ta maktabgacha ta’lim muassasasi hamda 40 ta maktab kiritilgan bo‘lib, hozirda obyektlarda loyihalash jarayonlari ketmoqda.
Vazirning birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov bugun ayni masalada Namangan viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi, Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi viloyat boshqarmasining malakali ekspertlari, viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi, loyihachi va buyurtmachi tashkilotlar vakillari bilan uchrashdi. Unda obyektlarni loyihalashda sifat ko‘rsatkichiga ta’sir o‘tkazmagan holda optimizatsiya yechimlarini ishlab chiqish, energosamaradorlikka alohida e’tibor qaratish, bunda shaharsozlik norma va qoidalariga amal qilish masalalari muhokama qilindi.
- Mamlakatimizda yosh avlodning zarur sharoitlarda unib-o‘sishi, bilim olishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratib kelinadi. Ushbu keng hajmdagi ishlar ham eng avvalo farzandlarimizning zamonaviy sharoitlarida ta’lim-tarbiya olishini nazarda tutmoqda. O‘z ishimizga mas’uliyatimiz orqali davlatimiz rahbari boshchiligidagi insonparvarlik ishlariga o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz, - deya ta’kidladi Sherzod Hidoyatov.
Sherzod Hidoyatov tashrif davomida hududlarda bo'lib, obyektlar holati bilan tanishishi ham nazarda tutilgan.



