Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, hududiy bosh boshqarma va tegishli tashkilotlar mas’ullari Samarqand shahrida Jahon banki vakillari bilan uchrashdilar
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli Qarori bilan Jahon banki ishtirokida “Samarqand shahrida markazlashgan issiqlik ta’minotini rekonstruksiya qilish va energiya samaradorligini oshirish” loyihasi doirasida “RK-2” qozonxonasini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, hududiy bosh boshqarma va tegishli tashkilotlar mas’ullari Samarqand shahrida Jahon banki vakillari bilan uchrashdilar. Unda loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar, kelgusi vazifa va rejalar muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, ushbu loyiha doirasida 39,415 km uzunlikdagi teng qobiqli quvurlar yotqizish va 3 dona (2 ta 30 Mvt va 1 ta 40 Mvt lik) qozonxonalarni qurish rejalashtirilgan bo‘lib, natijada Samarqand shahridagi “Sattepo”, “Sug‘diyona” va “Mikrorayon” massivlaridagi 22 ta ijtimoiy soha obyektlari hamda 381 ta ko‘p qavatli uy-joylardagi 18 864 ta xonadon yoki 53 046 nafar aholi issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi.