UZ
RU
Ўзбекистон Республикаси Қурилиш ва уй-жой
коммунал хўжалиги вазирлиги
Ишонч телефони
1298
Электрон манзил
info@mc.uz
Сайт харитаси
Вазирга мурожаат

Янгиликлар

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mas'ullarining segmentda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar, soha ekspertlari, loyiha, qurilish-pudrat tashkilotlari vakillari bilan ochiq muloqot formatidagi navbatdagi onlayn uchrashuvi

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mas'ullarining segmentda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar, soha ekspertlari, loyiha, qurilish-pudrat tashkilotlari vakillari bilan ochiq muloqot formatidagi navbatdagi onlayn uchrashuvi start oldi. 

 Vazir o'rinbosari Ozoda Jo'rayeva boshchiligida tashkil etilgan bugungi tadbirda jizzaxlik tadbirkorlar sohada uchrayotgan kamchiliklar, faoliyati rivojiga to'siq bo'layotgan muammolar yuzasidan murojaat qilish, turli yo'nalishlarda o'z taklif va mulohazalarini bildirish imkoniga ega bo'lmoqdalar.

- "Bugun barchasi xususida ochiq va shaffof so'zlashish uchun munosib fursat. Loyihalash, qurilish, tender yoki boshqa jarayonlarda sizni qiynayotgan va o'ylantirayotgan har qanday masala biz uchun ham muhim. Oldimizda turgan muammoli holatlarga hamjihatlik asosida yechim topish, tadbirkorlar faoliyatini qo'llab-quvvatlash, asosiysi, aholiga sifatli obyektlarni topshirishga erishish bosh maqsadimizdir. Shu sababdan ushbu muloqotimiz hamma uchun birdek manfaatli bo'lishiga ishonaman", - deya ta'kidladi Ozoda Jo‘rayeva.


Yurtimizning barcha hududlarida bo'lgani kabi Jizzax viloyatida ham bunyodkorlik jarayonlari avj pallada. 2024-yil dasturlari doirasida viloyatda jami 4 500 xonadondan iborat uy-joylarni qurish reja qilingan. Shundan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 1 456 ta xonadonli 29 ta:
- Sharof Rashidov tumani “Oqtosh ota” MFY  1 276 ta xonadonli 20 ta; 
- Do‘stlik tumani "Chinobod" MFY 180 ta xonadonli 9 ta ko'p kvartirali uylarni barpo etish nazarda tutilgan. 

Shu bilan birga, uy-joyga talab yuqori hududlarda 3 044 ta xonadonli 89 ta ko'p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan.

Muloqot avvalida jizzaxlik arxitektorlar tomonidan ta'lim va shaharlar bosh rejasini ishlab chiqish yo'nalishlarini integratsiyalash, loyihalash borasida qiziqarli takliflar bildirildi. "Bobur kommunal ta'mir" BSK rahbari esa tashkilot idorasini qurish uchun yer maydonini ajratish masalasida murojaat qildi. Ta'kidlanishicha, boshqaruv kompaniyasi hududdagi 74 ta ko'p kvartirali uyga xizmat ko'rsatadi. Vazir o'rinbosari tomonidan mazkur holat yuzasidan amaliy ko'mak berilishi ma'lum qilindi.


Vazir o'rinbosari Ozoda Jo'rayeva ishtirokida tadbirkorlar va soha ekspertlari bilan bo'lib o'tgan muloqot konstruktiv va samimiy ruhda kechdi. Tadbir davomida ishtirokchilardan biri qurilishga ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish masalasida murojaat qilgan bo'lsa, loyiha tashkiloti vakillaridan biri "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimidagi Reyting elektron platformasi borasida o'z fikr-mulohazalarini bildirdi. Har bir murojaat yuzasidan mas'ullar tegishliligi bo'yicha ko'rsatma va topshiriqlarni yozib olishdi.

Shuningdek, tadbirda onlayn tarzda ishtirok etayotgan jizzaxlik yoshlar tomonidan arxitektura va qurilish yo'nalishida "Yangi asr iste'dodlari" singari tanlovlarni yana jonlantirish masalasida taklif ilgari surildi. Bu o'z navbatida yosh quruvchi va arxitektorlarga sohani chuqurroq o'zlashtirishda stimul berishi ta'kidlandi.

"Shahrizoda obod qurilish" MChJ rahbari Do'stlik tumanida barpo etilayotgan "Yangi O'zbekiston" massividagi ayrim turar joy obyektlarini issiqlik tizimi ulanmagani sababli foydalanishga topshirishda muammo bo'layotganini ma'lum qildi. O'z navbatida mutasaddilar tomonidan markazlashgan issiqlik ta'minoti masalasini ijobiy hal qilishga allaqachon kirishilgani bildirildi.