Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (MUNOSABAT)

"Generalissimus" telegram kanalida e'lon qilingan murojaat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi quyidagilarni ma'lum qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-noyabrdagi 699-son qarorida Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish Respublika shtabi bilan kelishilgan holda loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingining asosiy yoʻnalishlari, mezonlari hamda ular bo'yicha belgilanadigan ballar asosida reyting ko'rsatkichlari shakllantirilishi keltirib o'tilgan.
Shunga ko‘ra joriy yilning 9-iyul sanasida tegishli vazirlik va idoralarning elektron ma’lumotlar bazasidan integratsiya orqali olingan oylik va yillik ma’lumotlar asosida loyiha-qidiruv hamda qurilish-pudrat tashkilotlari reyting ko‘rsatkichlari to‘liq yangilandi.
Biroq mazkur yangilanishda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo'l harakati xavfsizligi xizmatining elektron tizimidan bir qancha pudrat korxonalarining balansidagi maxsus qurilish texnikalarining texnik holati bo‘yicha ma’lumot kelmaganligi sababli platforma tomonidan ushbu texnikalar inobatga olinmagan.
Aniqlangan holat yuzasidan vazirlik tomonidan Respublika shtabiga reyting ko‘rsatkichlarini qayta yangilash bo‘yicha kelishish uchun aloqa xati yuborildi. Shuningdek, reyting.mc.uz platformasi hamda vazirlikning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali pudrat tashkilotlariga maxsus transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha tavsiya berildi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Respublika shtabi bilan kelishilgan holda yaqin vaqt ichida pudrat tashkilotlarining moddiy-texnik bazasi bo‘yicha reyting ko‘rsatkichlari qayta yangilanishini ma’lum qilamiz.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 699-son qaroriga muvofiq “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga reytinglar hisobini yuritish uchun taqdim etiladigan tegishli statistika va idoraviy ma’lumotlarning haqqoniyligi uchun tegishli vazirlik va idoralar mas’ul ekanligini eslatib o‘tamiz.

