Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi (RASMIY MUNOSABAT)
"Antikorrupsiya" telegram kanalida tarqalgan murojaat bo'yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi quyidagilarni ma'lum qiladi.
Holat Farg'ona viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan o'rganildi. Ma'lum qilinishicha, Farg'ona shahar "Barkamol" mahallasi "Yangiyer" ko'chasi 138/2-uyda fuqaro Tashpulatov Rustam Ro'zimatovich tomonidan tegishli kadastr hujjatiga asosan "Noturar joy obyektlari qurilishi" uchun Arxitektura va shaharsozlik kengashining 272-sonli ijobiy xulosasi berilgan.
Shuningdek, "HUMO STROY PROJECT" MCHJ tomonidan loyiha-smeta hujjatlari, "Qurilish loyiha ekspertiza sinov" MCHJ tomonidan 14.07.2022 yildagi tegishli ekspertiza xulosalari rasmiylashtirilgan.
Farg'ona viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasiga buyurtmachi tomonidan 12.01.2023 yildagi 68392537-sonli xabarnoma yuborilib, ro'yxatdan o'tgan. Ammo bugungi kunda obyektda qurilish-montaj ishlari to'xtab qolgan.
Mazkur obyektda aniqlangan kamchilikar: qurilish chiqindilarini qurilish maydonidan olib chiqib ketish, obyekt atrofini vaqtinchalik to'siq bilan o'rash hamda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan inspeksiya tomonidan buyurtmachiga bajarilishi majburiy bo'lgan yozma ko'rsatma berilgan.