Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi (Rasmiy munosabat)
Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim quruvchi tashkilotlar oʻz reytingini oshirish maqsadida fuqarolarni xabardor qilmasdan ishchi sifatida rasmiylashtirayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz:
Qurilish va loyiha tashkilotlari reytingi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-noyabrdagi 699-son qaroriga asosan, 10 ga yaqin vazirlik va idoralar tizimi orqali taqdim etilgan maʼlumotlar asosida avtomatik tarzda hisoblanadi.
Xususan, tashkilotning ishchi-xodimlari hamda ularga har oyda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori (1 271 000 soʻm) dan kam boʻlmagan oylik ish haqi hisoblanganligi haqidagi maʼlumotlar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Soliq qoʻmitasining maʼlumotlar bazasidan avtomatik tarzda olinadi.
Shu bois "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimi bu maʼlumotlarni oʻzgartirish, shuningdek soxta yoki haqiqiy ekanini aniqlash imkoniga ega emas. Tizim faqat ularni toʻplab reyting.mc.uz platformasida foydalanuvchilarga ochiq holda taqdim etadi.
Bugungi kunda Bandlik vazirligi bilan birgalikda qurilish sohasida shaxsning roziligisiz ishchi sifatida rasmiylashtirish holatlarini, shuningdek, fuqarolarning bir vaqtning oʻzida bir nechta tashkilotlarda faoliyat yuritishlarini tizimli tartibga solish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Fuqarolardan ushbu holatga tushmaslik uchun shaxsiy maʼlumotlarini begona shaxslarga bermasliklarini hamda qurilish tashkilotlari ularning roziligisiz ishchi sifatida rasmiylashtirganda vakolatli organlarga murojaat qilishlarini soʻrab qolamiz.
Shu oʻrinda, ijtimoiy tarmoq faollariga qurilish sohasida olib borilayotgan raqamlashtirish yoʻlidagi islohotlarga befarq boʻlmaganliklari, tizimni yanada takomillashtirishga qoʻshayotgan hissalari uchun oʻz minnatdorligimizni bildiramiz.