Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida ko‘p kvartirali uylardagi mavjud lift uskunalarini boshqarish, foydalanish, ekspluatatsiya qilish hamda liftlarning xavfsiz ishlashini nazorat qilish masalalari yuzasidan gibrid shakldagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida ko‘p kvartirali uylardagi mavjud lift uskunalarini boshqarish, foydalanish, ekspluatatsiya qilish hamda liftlarning xavfsiz ishlashini nazorat qilish masalalari yuzasidan gibrid shakldagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Kozim To‘laganov, Tog‘-kon geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Baxtiyor G'ulomov, boshqa mutaxassislar, shuningdek, videokonferens aloqa orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda hududiy boshqarmalar vakillari ishtirok etdilar.
Bugungi kunda respublikadagi 4 313 ta ko‘p kvartirali uylarda 11 414 ta lift uskunalari mavjud bo‘lib, ushbu liftlarni saqlash, foydalanishga qabul qilish, ekspluatatsiya qilish bir qator me’yoriy hujjatlar bilan tartibga solinadi.
Yig‘ilishda ko‘p kvartirali uylardagi lift uskunalaridan foydalanish tartiblarini nazorat qilish masalalari va unda uchrayotgan qator kamchiliklar muhokama qilindi.
Xususan, jami lift uskunalarining:
- 1 001 tasining pasporti mavjud emas;
- 1 228 tasiga muvofiqlik sertifikati olinmagan;
- 2 015 tasi tegishli tartibda bir yilda bir martalik texnik ko‘rikdan o‘kazilmagan;
- 2 124 ta liftlar bugungi kunda yaroqsiz holatga kelgan.
Shuningdek, ko‘p kvartirali uylardagi mavjud liftlarning texnik va ekspluatatsiya holati talab darajasida emasligi, yangi foydalanishga qabul qilinayotgan uylardagi lift uskunalari Tog‘-kon geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan foydalanib kelinayotganligi tanqid ostiga olindi.
- Bu qat’iy tartib va mas’uliyat talab etiladigan juda dolzarb masala. Chunki unda inson taqdiri, hayot xavfsizligi turibdi. Shu bois liftlarga texnik xizmat ko‘rsatish, ekspluatatsiya qilish, yangi liftlarni foydalanishga qabul qilishda kuchli nazorat tizimini o‘rnatishimiz, unda sansolarlikka yo‘l qo‘ymasligimiz kerak , - dedi Ozoda Jo‘rayeva.
Yig‘ilish ishtirokchilari mavjud muammolarni oldini olish chora-tadbirlari yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar. Xususan, inspeksiyalarda nazorat tadbirlarini amalga oshiruvchi malakali ishchi-xodimlar sonini ko'paytirish, zamonaviy talablar asosida mazkur sohaga doir qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish, ko‘p kvartirali uylarning lift uskunalariga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.






