UZ
RU
Ўзбекистон Республикаси Қурилиш ва уй-жой
коммунал хўжалиги вазирлиги
Ишонч телефони
1298
Электрон манзил
info@mc.uz
Сайт харитаси
Вазирга мурожаат

Янгиликлар

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

Til har bir millatning koʻzgusi, uning haqiqiy sarchashmasidir. Til bor ekan, millat barhayotdir. Davlatimiz rahbarining “Kimda-kim oʻzbek tilining bor latofatini, jozibasi va taʼsir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi boʻlsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, oʻlmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qoʻshiqlariga quloq tutsin”, - degan fikrlarida ham tilimizning bor goʻzalligi namoyon boʻladi. 

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 34 yilligi hamda 21-oktabr - O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda Fanlar Akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining katta ilmiy xodimi Feruza Musayeva va kichik ilmiy xodimi Muxlisa Saidaliyevaning  o‘zbek tilini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar, yangi innovatsion loyihalar, o‘zbek lug‘atshunosligidagi o‘ziga xos jihatlar  mavzulariga bag‘ishlangan qiziqarli ma’ruzalari tinglandi va o‘zaro fikr almashildi. Tadbir qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Unda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan javob oldi.

Ta’kidlash lozimki, vazirlikda davlat tili ustuvorligini ta’minlash ishlariga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, sohaga doir rus tilida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar xatlovdan o‘tkazilib, ularni davlat tilida ishlab chiqilishi ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi. Vazirlik tizimidagi barcha xat va hujjatlar davlat tilida, ya’ni  lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida tayyorlanishi ta’minlanib kelinmoqda. 

Shuningdek, vazirlikda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi  sohasiga oid yangi so‘z va atamalarning o‘zbekona muqobillari hamda ularni bir xilda qo‘llash yuzasidan takliflar ishlab chiqish bo‘yicha Ishchi guruhi tashkil qilinib, faoliyati yo‘lga qo‘yildi hamda atamalar yuzasidan dastlabki takliflar tegishli tartibda Vazirlar Mahkamasiga taqdim qilindi. 

Vazirlik rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallarini davlat tilida, ya’ni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yuritilishi, imloviy va uslubiy xatolarsiz bo‘lishi ta’minlanib, Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan  yangilanib borayotgan shaharsozlik normalari va qoidalari davlat tilida tayyorlanishi, imloviy va uslubiy xatolarsiz bo‘lishi hamda atamalardan o‘z o‘rnida va to‘g‘ri foydalanilishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Vazirlik xodimlarining Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida tashkil etilayotgan malaka oshirish o‘quv mashg‘ulotlaridagi ishtiroki taʼminlanmoqda.