Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida Osiyo taraqqiyot banki (OTB) delegatsiyasi ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida Osiyo taraqqiyot banki (OTB) delegatsiyasi ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva hamda OTBning shaharsozlik va suv sektori bo‘yicha rahbari janob Nuriо Saito qatnashdi.
Uchrashuvda OTB bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar haqida so‘z bordi. Xususan, hozirgi kunda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv chiqarish bo‘yicha 500 mln dollarlik 4 ta yirik loyiha amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Shuningdek, ichimlik suvi taʼminoti sohasini raqamlashtirish bo‘yicha 125 mln dollarlik loyiha boshlangani aytib o‘tildi. OTB mutaxassislari bilan birgalikda sohani rivojlantirishga qaratilgan strategiyani ishlab chiqishga xorijiy ekspertlarni jalb qilishga kelishib olindi.
Shuningdek, issiqlik taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha Navoiy, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida rejalashtirilgan ishlar ham muhokama qilinib, loyiha oldi hujjatlarini tezroq tayyorlash zarurligi qayd etildi.
Bundan tashqari kommunal tizimlarni samarali boshqarish uchun kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqish va kommunal xizmatlar tariflarini belgilash siyosati ham uchrashuv kun tartibidan o‘rin oldi.