Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida “Shaharsozlikdagi dolzarb masalalar: Kelajakka nigoh” mavzusida seminar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli “Ma’muriy islohotlar doirasida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan qurilish va kommunal sohada
normativ hujjatlarni takomillashtirish hamda ularning fondini yaratish vazifasi yuklatilgan.
Shunga ko‘ra ayni damda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida “Shaharsozlikdagi dolzarb masalalar: Kelajakka nigoh” mavzusida seminar tashkil etilmoqda.
Unda vazir o‘rinbosari D.Adilov boshchiligida vazirlik mas'ullari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi xodimlari, Texnik me'yorlash va standartlashtirish ilmiy tadqiqot institutidan malakali mutaxassislar hamda boshqa tizim tashkilotlaridan mutasaddilar ishtirok etishmoqda.
Seminarda so‘zga chiqqan vazir o‘rinbosari Davronjon Adilov mazkur Farmondan so‘ng vazirlik huzurida 6 ta loyiha tadqiqot tashkilotlari qayta faoliyatini boshlaganini aytib o‘tdi.
Shuningdek, Texnik meʼyorlash va standartlashtirish ilmiy tadqiqot instituti faoliyatida ham SHNQlar va standartlarni ishlab chiqish, ularni xalqaro talablar bilan uygʻunlashtirish hamda ularning fondini yaratish asosiy vazifa sifatida belgilangandi.
Bundan tashqari vazirlikning asosiy yoʻnalishlaridan yana biri shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, arxitektura va urbanizatsiya jarayonlarini takomillashtirish maqsadida Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish Respublika markazi tashkil etilgan.
''Bugungi kunda butun dunyoda aktual boʻlib turgan masalalardan “Sunʼiy intellekt”, “Smart city”, “Yashil qurilish”, energosamaradorlik boʻyicha oʻrganish va sohada amalga oshirilishi zarur boʻlgan ishlar juda koʻp. Bugun ushbu yilda rejalashtirilgan vazifalarni sifatli va samarali tashkil etish maqsadida sizlar tomondan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar hamda takliflarni muhokama qilmoqchimiz'', - deya ta'kidladi vazir o‘rinbosari D.Adilov.





