Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan hududlarda seminarlar tashkil etilmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025-yil 25-mart kuni imzolangan “Seysmik xavfsizlikni taʼminlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunning mazmun-mohiyatini joylarda keng tushuntirish, shuningdek, uning ijrosini taʼminlash maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan hududlarda seminarlar tashkil etilmoqda.
Shunday tadbirlardan biri Inspeksiya boshligʻining birinchi oʻrinbosari Jasur Jabborov ishtirokida Toshkent viloyatida boʻlib oʻtdi.
Seminarda viloyat, tuman va shahar hokimliklari, prokuratura organlari, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi, hududiy inspeksiya, tegishli idora va tashkilotlar, qurilish-pudrat hamda loyiha tashkilotlari, boshqaruv servis kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida 1050-sonli Qonunning mazmuni, uning amaldagi ahamiyati, qoʻllash mexanizmi hamda qonunbuzarliklarning oldini olishdagi ahamiyati keng muhokama qilindi. Profilaktik ishlar, nazorat funksiyalari va masʼul tashkilotlar oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish borasida aniq vazifalar belgilab olindi.
Xususan, inspeksiya faoliyatini takomillashtirish, ijro intizomini mustahkamlash va nazorat samaradorligini oshirish masalalari ham kun tartibidan oʻrin oldi.