Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasida joriy yilning may oyi davomida olib borilgan nazorat tadbirlari natijalari muhokama qilindi
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasida joriy yilning may oyi davomida olib borilgan nazorat tadbirlari natijalari muhokama qilindi.
Yigʻilish inspeksiya rahbari boshchiligida oʻtkazilib, unda qator muammolar, nazorat tadbirlarining samaradorligi, ijro intizomi masalalari hamda joylardagi nazorat ishlari holati keskin tanqid qilindi.
Ayniqsa, ayrim hududiy inspeksiyalarda qurilish obyektlarini foydalanishga qabul qilish jarayonida belgilangan talab va me’yorlarga rioya etilmayotgani, nazorat tadbirlari talab darajasida tashkil qilinmayotgani, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaat hamda arizalar oʻz vaqtida koʻrib chiqilmayotganligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻz xizmat burchiga loqayd munosabatda boʻlgani, nazorat ishlarida sustkashlikka yoʻl qoʻygani sababli Sirdaryo viloyati hududiy inspeksiyasi rahbari lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, Samarqand va Fargʻona viloyatlari inspeksiya rahbarlariga faoliyati davomida yoʻl qoʻygan kamchiliklari uchun intizomiy jazo choralari qoʻllanildi.
Yigʻilish davomida hududiy inspeksiyalarning 20 nafar masʼul xodimi, shuningdek, ichki nazorat boʻyicha masʼul boʻlgan 14 nafar mutaxassis oʻz vazifalaridan ozod etildi. Bundan tashqari 18 nafar masʼul xodimga nisbatan belgilangan tartibda intizomiy jazo choralari qoʻllanildi.
Inspeksiya rahbari tomonidan quyidagilar taʼkidlab oʻtildi: “Nazorat tizimida masʼuliyatsizlik va loqaydlikka mutlaqo oʻrin yoʻq. Bu tizimda faqat oʻz ishiga vijdonan, sidqidildan yondashadigan, javobgarlikni his qiladigan, bilimli, masʼuliyatli va fidoiy xodimlar faoliyat yuritishi zarur.”
Yigʻilish yakunida barcha rahbar va masʼullarga nazorat ishlarini kuchaytirish, ijro intizomini mustahkamlash, faoliyatda aniq natijalarga erishish yuzasidan qatʼiy topshiriq va vazifalar yuklatildi.