Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Jahon banki huzuridagi Xalqaro moliya korporatsiyasining delegatsiya bilan uchrashdi
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Davronjon Adilov Jahon banki huzuridagi Xalqaro moliya korporatsiyasining Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo, Turkiya, Pokiston va Afgʻoniston boʻyicha maslahat va iqtisod boʻyicha mintaqaviy menejeri Ilxem Salamon boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
O'zaro muloqot davomida aholi yashash uy-joyi va tijorat binolarida isitish va sovutish uchun geotermal tarmoqlarni joriy etish imkoniyatlari hamda elektr transport vositalarini zaryadlash stansiyalari qurilishini tashkil etish tartibi va uni takomillashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xalqaro moliya korporatsiyasi vakillari mamlakatimizda geotermal energiya orqali binolarni isitish va sovutishning afzalliklari, joriy etish bosqichlari va strategiyani ishlab chiqishda eʼtiborga olinishi zarur boʻlgan jihatlari yuzasidan fikr bildirdilar.
Vazir oʻrinbosari D.Adilov vazirlik Markaziy apparati Issiqlik taʼminoti tizimini ekspluatatsiya qilish va rivojlantirish boshqarmasi hamda vazirlik huzuridagi Texnik meʼyorlash va standartlashtirish ilmiy tadqiqot instituti vakillariga Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda ishlab, geotermal energiyadan foydalangan holda isitish va sovutish tizimlarini mamlakatimizda joriy etish boʻyicha muddatlari aniq belgilangan ish reja ishlab chiqishni, shuningdek, geotermal energetikani vazirlik huzuridagi oliy taʼlim muassasalari oʻquv dasturiga kiritish bo‘yicha topshiriqlar berdi.





