Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva aholi murojaatlariga asosan poytaxtimizning Chilonzor tumanida boʻldi
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish mas’uliyatli soha. Zamon taraqqiyoti bu boradagi talablarni orttirayotgani ham hech kimga sir emas. Shu ma’noda boshqaruv servis kompaniyalarining imkoniyatlarini oshirish, qoʻshimcha servis xizmatlarga keng yoʻl berish va aholi sharoitlarini yaxshilashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva aholi murojaatlariga asosan poytaxtimizning Chilonzor tumanida boʻldi. Nafosat koʻchasi vakillarining 32,33,34-son uylarni salohiyatli boshqaruv tashkilotiga biriktirish yuzasidan qilgan murojaatlari ijobiy hal etildi.
Vazirlik mas’ullarining oʻrganishlari davomida tumanda faoliyat yurituvchi “Hamkor turon servis” BSK joylashuvi, aholiga xizmat koʻrsatish sifati, obodonlashtirish ishlariga qaratayotgan e’tibori yuzasidan eng munosib deb topildi hamda mulkdorlarga taklif sifatida tanishtirildi.
Hozirda kompaniya hamda mulkdorlar orasida aynan ularning talablaridan kelib chiqqan holda smeta xarajatlarini ishlab chiqish va tarifni belgilash, shuningdek, boshqa tashkiliy masalalar koʻrib chiqilmoqda.
Ozoda Joʻrayeva kompaniya faoliyatini oʻrganish davomida murojaatlarni raqamlashtirish hamda qoʻshimcha servislar sonini koʻpaytirish boʻyicha mas’ullarga zaruriy tavsiyalarini berib oʻtdi. Shu bilan birga aholi bilan suhbatda kommunal va uy-joy xizmatlari sohasidagi islohotlar, boshqaruv tashkilotlarining vazifalari haqida batafsil ma’lumot berildi.




