Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva poytaxtimizning Yashnobod tumanida boʻldi
Koʻp kvartirali uylarni lozim darajada saqlash, unga texnik xizmat koʻrsatish mas’uliyatli vazifa. Ayniqsa, sohadagi islohotlar tobora rivojlanib borayotgan hozirgi vaqtda boshqaruv tashkilotlari oldiga qator vazifa va talablar qoʻyilmoqda.
Xoʻsh, hamma boshqaruv tashkilotlari ham mazkur ishlarning uddasidan chiqyaptimi? Bugun kommunal sohada aholini qiynayotgan muammolar nimada? Mazkur savollarga javob topish maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva poytaxtimizning Yashnobod tumanida boʻldi.
Tumanda 47 ta koʻp kvartirali uyga xizmat koʻrsatuvchi “Integral servis” BSK faoliyati oʻrganildi. Dastlab, "Cho'lpon" mahallasiga mas'ul hudud rahbarining tashkil etgan ish tizimi, xususan, bino tozaligiga e'tibor bermagani qat'iy tanqid qilindi. Shuningdek, ko'p qavatli uylardagi internet tarmoqlarini tegishli provayder kompaniyalari tomonidan tartibga keltirilishini tashkil etmaganligi aytib o'tildi. Mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan mas'ullarga aniq topshiriqlar berildi.
- Boshqaruv tashkilotlari qanchalik ish qilmasin, aholi bilan muloqotga kirishmasa, ularning muammolarini tinglamasa ish samaradorligi ortmaydi. Bugungi raqobat muhitida xalqqa mas'uliyat bilan xizmat qilish kerak, - dedi Ozoda Jo'rayeva.
Shu bilan birga aholining ham sohaga doir qator muammolari qabul qilindi. Mulkdorlarning debitor qarzdorligini so'ndirish orqali mazkur masalalar yechim topishi tushuntirildi. Muhokamalar so'ngida boshqaruv tashkilotiga uylar holatini yaxshilash uchun bir oy muddat belgilandi. Bunda aholi ham o'z majburiyatlarini bajarishi lozimligi ta'kidlandi.




