Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Toir Alimatov boshchiligidagi ishchi guruhi shu kunlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻlib turibdi
Avval xabar berilganidek, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Toir Alimatov boshchiligidagi ishchi guruhi shu kunlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻlib turibdi.
Maqsad hududlarda barpo etilayotgan ijtimoiy soha obyektlarini tahliliy oʻrganishdan iborat. Navbatdagi manzil Nukus shahri "Jolshilar" MFYdagi 10-son ko'zi ojiz bolalar internatini rekonstruksiya qilish va 330 o'rinli o'quv binosini qurish obyekti bo'ldi. Obyektda qurilish madaniyatiga amal qilinmayotgani va tozalikka eʼtibor qaratilmaganiga e'tiroz bildirildi va bu borada masʼullar ogohlantirilib, tegishli koʻrsatmalar berildi.
Xususan, jarayonda Nukus shahridagi 9-sonli maktabni rekonstruksiya qilish va 840 o'rinli qo'shimcha bino qurish obyekti ko'rib chiqildi. Binoni foydalanishga topshirish muddati 10-noyabr etib belgilangan. Vazir o'rinbosari obyektni o'z muddatida va sifatli tarzda foydalanishga topshirish talabini qo'ydi. "Shimbay shayxana" MFYdagi 48-sonli maktabda ham bir qator kamchiliklar kuzatildi. Qurilish madaniyatiga amal qilinmagani va hudud chiqindilardan tozalanmagani jiddiy tanqid qilindi, shuningdek, obyektni pardozlashda va xonalar ostonalarini o'rnatishda belgilangan talablarga rioya etilmaganligi e'tirozga sabab bo'ldi.
Shuningdek, Xo'jayli tumani "Bayterek" MFYdagi 120 o'rinli 21-MTTni rekonstruksiya qilish obyektida gidroizolyatsiya ishlari noto'g'ri bajarilgani, qurilish madaniyatiga amal qilinmasdan, hudud chiqindilardan tozalanmaganligi ma'lum bo'ldi. Toir Alimatov bu kabi jihatlarga katta ahamiyat berish kerakligi, ijtimoiy soha obyektlari qurilishida mas'uliyatli bo'lish lozimligini mutasaddilarga tushuntirdi.