Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Toir Alimatov Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻlib turibdi
Ayni damda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Toir Alimatov Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻlib turibdi. Ijtimoiy soha obyektlari, jumladan, maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim maktablarini oʻrganish asnosida vazir oʻrinbosari Taxtakoʻpir tumani, “Duaqara” OFY hududida barpo etilayotgan 8-MTT binosini qurish ishlari bilan tanishdi.
Kuzatuvlar davomida qilingan ishlar qatori, yoʻl qoʻyilgan bir qator kamchiliklar mavjudligi ham aniqlandi. Xususan, tashqi va ichki eshiklar ostonalari oʻrnatilishida belgilangan talablarga eʼtibor qaratilmagan. Isitish quvurlarini izolyatsiya qilish ishlari ham talab darajasida emas.
“Oldinda bizni kuz-qish mavsumi kutmoqda. Qurilish ishlarini sifatli qilib, oʻz muddatida bajarishda esa oqsoqliklar koʻzga tashlanmoqda. Bu yerda ertamiz egalari boʻlgan oʻgʻil-qizlarning sifatli va maqbul sharoitlarda taʼlim olishlari uchun bor imkoniyatdan maksimal foydalanishimiz kerak. Bunga qurilishning barcha ishtirokchilari masʼuliyat bilan qarasalargina erishiladi”, - dedi Toir Alimatov.
Eslatib oʻtamiz, T.Alimatov boshchiligidagi ishchi guruhning Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi mavjud ijtimoiy soha obyektlari qurilishiga oid tanqidiy-tahliliy oʻrganishlari davom etmoqda.


Vazir oʻrinbosari T.Alimatov oʻrganish ishlarini Qoraoʻzak tumani, “Qutlimakоn” MFY hududida 430 oʻringa moʻljallab qurilayotgan yangi maktab binosini koʻzdan kechirish bilan davom ettirdi.
3 qavatli mazkur 33-umumtaʼlim maktabi qurilishida ham kamchiliklar yoʻq emas. Jumladan, qurilish materiallarini yetkazib berishdagi uzilishlar sabab ishlarni bajarishda muddatlar kechikmoqda. Shuningdek, qurilish materiallaridan toʻgʻri foydalanish, ishlarni loyiha talablariga muvofiq olib borishga ham ayrim hollarda befarqlik bilan yondoshilgan. Vazir oʻrinbosari shu va boshqa kamchiliklarni chuqur tahlil qilib, kechiktirib boʻlmaydigan vazifalar ijrosiga masʼuliyat bilan qarash ham talab, ham majburiyat ekanligini yana bir karra taʼkidlab oʻtdi.



