Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh.Hidoyatov xalqaro iqtisodiy forumda ishtirok etmoqda
Ayni kunlarda Qozon shahrida “Rossiya – Islom olami: KazanForum” xalqaro iqtisodiy forumi boʻlib oʻtmoqda. Unda dunyoning 100 dan ziyod mamlakatidan oʻn mingdan ortiq ishtirokchi, jumladan, vazirlar, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan yirik tadbirkorlar, bank-moliya tashkilotlari rahbarlari ishtirok etmoqda.
Bugun mazkur nufuzli anjuman doirasida Rossiya Federatsiyasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri I.Fayzullin hamda Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri SH.Hidoyatov ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Samimiy va konstruktiv ruhda oʻtgan muloqot chogʻida taʼkidlandiki, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi teng huquqli, oʻzaro manfaatli va strategik sheriklik aloqalari ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar asosida yangi bosqichga koʻtarilmoqda.
Muzokaralar davomida qurilish industriyasida oʻzaro loyihalar almashinuvini tashkil etish, kadrlar malakasini oshirish, shaharsozlik sohasida me’yoriy hujjatlarni birgalikda ishlab chiqish, shuningdek, “Yangi Toshkent” loyihasi doirasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Maʼlumot uchun, joriy yilning 13-18-may kunlari Qozon shahrida oʻtayotgan “Rossiya – Islom olami: KazanForum” xalqaro iqtisodiy forumi doirasida koʻchmas mulk, arxitektura va dizayn, xalqaro mulk bozoriga doir ixtisoslashtirilgan koʻrgazmalar va anjumanlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.