Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi binosida “Murojaatlar bilan ishlashning zamonaviy talablari”mavzusida seminar oʻtkazilmoqda
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi binosida “Murojaatlar bilan ishlashning zamonaviy talablari”mavzusida seminar oʻtkazilmoqda.
Unda vazirlikning bevosita jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlariga mas'ul boʻlgan vakillari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mutasaddilari murojaatlar bilan ishlashda e’tibor berish lozim boʻlgan jihatlar muhokama qilinmoqda.


O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida "Har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega, shuningdek, ariza, taklif va shikoyatlar qonunda belgilangan tartib va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart",- deb belgilab qo‘yilgan.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda fuqarolarning murojaatlari bilan bog‘liq barcha masalalar konstitutsiyaviy norma, qonunlar hamda boshqa huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinib kelinmoqda.
Ushbu qonunlar sohadagi qoidabuzarlik holatlari uchun javobgarlikni belgilash bilan birgalikda, fuqarolarning davlat organlariga, mansabdor shaxslarga murojaat qilish imkoniyatini kengaytirdi va ularning so‘rovini ko‘rib chiqish tartibini soddalashtirdi.
Seminar davomida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov soʻzga chiqib, vazirlikda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash tizimi haqida ma’lumot berib oʻtdi.
- Sir emas, biz faoliyat yuritadigan soha bevosita aholining birlamchi ehtiyojlari bilan bogʻliq va mamlakatimizning eng murakkab iqtisodiy tarmoqlari hisoblanadi. Shu bois yangi qurilayotgan bino-inshootlar sifati yoki kommunal sohada aholini qiynayotgan muammolar yechimiga alohida e’tibor qaratib kelinadi, - dedi S.Usmonov.


Tadbirda 2023-yil davomida murojaatlar bilan ishlash tizimi yuzasida amalga oshirilgan ishlar haqida ham ma’lumot berib oʻtildi.
2023-yil davomida vazirlikka jismoniy va yuridik shaxslardan jami 23 399 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 3 362 tasi vazirlikka to‘g‘ridan to‘g‘ri kelib tushgan bo‘lsa, 20 037 tasi virtual qabulxona orqali qabul qilingan murojaatlardir.
Xususan, qurilish va bino-inshootlarga tegishli yo‘nalishda 10 936 ta;
Uy-joylarning umumiy mulkini saqlash va ta’mirlash hamda boshqaruv tashkilotlarining faoliyati bo‘yicha 8 234 ta;
Issiqlik ta’minotiga tegishli masalalar yuzasidan 1 639 ta;
shuningdek, boshqa masalalar bo‘yicha 2 590 ta murojaatlar ro‘yxatga olingan.
Ko‘rib chiqish natijalari quyidagicha:
- 11 680 tasi yoki ijobiy hal etilgan;
- 6 116 tasiga yoki tushuntirishlar berilgan;
- 783 tasi tegishliligi bo‘yicha boshqa mutasaddi tashkilotlarga yuborilgan;
- 4 767 tasi ayni vaqtda ijro jarayonida.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bo‘lim boshlig‘i Nurali Oripov ham soʻzga chiqib, murojaatlar bilan ishlashda tashkilotdagi yakdillik, oʻzaro hamkorlikning ahamiyatiga toʻxtaldi.
- Media maydondagi boʻshliq bugungi globallashuv zamonida har bir tashkilot haqida salbiy fikrlarni keltirib chiqarishi bilan xavfli. Shu bois qay davlat tashkiloti boʻlmasin yoxud qanday muammo boʻlmasin oʻz vaqtida, ishonchli va rasmiy munosabat berish orqali odamlar orasida turli negativ fikrlar kelib chiqishini oldini olish mumkin. Bunda mas’uliyat faqatgina axborot xizmati emas, balki har bir boʻlim yoki boshqarma vakili uchun tegishli. Chunki axborot siyosati butun bir tashkilotning tashqi imiji uchun ta’sir qiladi,- dedi N.Oripov.



