Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi binosida respublikada faoliyat yurituvchi koʻp kvartirali uylarga xizmat koʻrsatuvchi boshqaruv tashkilotlari uchun seminar-trening oʻz ishini boshladi
Ayni damda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi binosida respublikada faoliyat yurituvchi koʻp kvartirali uylarga xizmat koʻrsatuvchi boshqaruv tashkilotlari uchun seminar-trening oʻz ishini boshladi.
Tadbir davomida vazirlik tomonidan koʻp xonadonli uylarga xizmat koʻrsatish sohasida amalga oshirilgan ishlar, kelgusi reja-maqsadlar, yangi qonun hujjatlarini muhokama qilish, bunda boshqaruv tashkilotlari taklif-mulohazalarini qabul qilish maqsad qilingan.


Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva seminarning birinchi qismida mamlakatimizda koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan yigʻilganlarga ma’lumot berib oʻtdi.
Ta’kidlanganidek, 2023-yilda koʻp kvartirali uylarni ta’mirlash va tutash hududlarni obodonlashtirish uchun respublika budjeti va boshqa tashkilotlar hisobidan jami 237 mlrd soʻm mablagʻ ajratildi. Shuningdek, 534 ta liftni almashtirish uchun 130 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.
Toshkent shahridagi 1 800 ta uyning yertoʻlasidagi muhandislik tarmoqlari ta’mirlandi. 42 ta BSKning kredit qarzdorligi muzlatilib, 39 ta BSKga moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun kredit ajratildi. Shu bilan birga 64 ta ogʻir ahvoldagi uylarning tom qismi vazirlik tomonidan mukammal ta’mirlandi.


Koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasida faoliyat yurituvchi boshqaruv organlariga qator imtiyozlar berilmoqda.
Xususan, endilikda boshqaruv tashkilotlari koʻp kvartirali uylar tutash hududlaridan hosil boʻlgan chiqindilarni olib chiqish uchun pul toʻlamaydi.
Majburiy badalni elektr energiyasiga ulash boʻyicha qaror loyihasi ishlab chiqildi. Shu bilan birga majburiy badalni majburiy kommunal toʻlovlar toifasiga oʻtkazishning huquqiy choralari koʻrilmoqda.
Shuningdek, Toshkent shahridagi koʻp kvartirali uylarni pasportlashtirish ishlari amalga oshirilib, joriy yilda mamlakatimizning boshqa hududlarda ham mazkur ishlar olib boriladi.



