Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Texnik meʼyorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti hamda Xitoyning Savdo-sanoat palatasi vakillari ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Texnik meʼyorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti hamda Xitoyning Savdo-sanoat palatasi vakillari, shu jumladan, xitoylik yirik kompaniya vakillari ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston va Xitoy hamkorlik munosabatlari iqtisodiyotning turli sohalarida rivojlanib bormoqda. Xususan, qurilish sohasidagi hamkorlik aloqalari ham yangi bosqichga koʻtarilib, Xitoy kompaniyalari tomonidan turli darajadagi obyektlarda qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Tadbirda taʼkidlanganidek, shaharsozlik sohasidagi ana shunday hamkorlik loyihalari Xitoy milliy qurilish standartlarini mamlakatimizga joriy etish imkoniyatini beradi. Shu maʼnoda Texnik meʼyorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori Sherzod Sodiqov tomonidan ayni yoʻnalishda hamkorlik qilish taklifi ilgari surildi.
Bu oʻz navbatida mamlakatimizda shaharsozlik norma va qoidalarini takomillashtirish, zamonaviy talablarga moslashtirishda ahamiyatli va manfaatli, - dedi Sherzod Sodiqov.
Shuningdek, yigʻilganlarga institutning asosiy faoliyati boʻyicha batafsil maʼlumot berib oʻtildi. Muloqot doirasida vakillarimiz Oʻzbekistonda qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan Xitoy kompaniyalarining shaharsozlik normalari va standartlari bilan bogʻliq masalalari boʻyicha fikr bildirdilar hamda bu borada taklif va tavsiyalar berildi.
Uchrashuv soʻngida tomonlar oʻzaro hamkorlikning tashkiliy masalalarini oʻrganib chiqishga kelishib oldilar.






