Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida boʻlib oʻtgan anjumanda Vasiylik Kengashi aʼzolari tanishtirilib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi
Arxitektura va qurilish sohasida yana bir maktab - Faxriylar Kengashi. Gap shundaki, hukumatning tegishli Qaroriga asosan mamlakatimizda arxitektura va qurilish sohasida Faxriylar kengashi tashkil etildi. Xoʻsh mazkur tuzilmaning bugungi kundagi dolzarbligi va ahamiyati nimada?
Mutaxassislarning eʼtirof etishicha, shaharsozlik va arxitektura sohasini rivojlantirishda soha faxriylarining noyob va boy hayot tajribasi, amaliy mahorati va salohiyatidan keng foydalanish muhim sanaladi. Shu maʼnoda tavsiyalar ishlab chiqish, shaharsozlik norma-qoidalari va standartlarni takomillashtirishda takliflar ishlab chiqish, ushbu sohada konsepsiya hamda dasturlarni shakllantirishda ishtirok etish, xususan, milliy arxitektura-madaniy anʼanalarini rivojlantirish va aholi punktlarining arxitekturasini rejalashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqishda soha faxriylarining katta oʻrni bor.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida boʻlib oʻtgan anjumanda ham ana shular haqida soʻz bordi. Vasiylik Kengashi aʼzolari tanishtirilib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Yigʻilishda taʼkidlandiki, soha faxriylarning ijtimoiy va moddiy holatini yaxshilash, ularga maishiy, tibbiy, madaniy va boshqa turdagi xizmatlarni koʻrsatish, maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy hamda sport tadbirlarini tashkil etish, oliy va professional taʼlim muassasalarida uchrashuvlar oʻtkazishda zarur tashkiliy choralar koʻriladi.
Muloqot asnosida Arxitektura va qurilish sohasi Faxriylari kengashining faxriy aʼzolari roʻyxati shakllantirildi. Doimiy ravishda unga homiylik yordamini koʻrsatish, moddiy-texnik bazasini yaratish va ish faoliyati uchun zarur sharoitlar yaratish boʻyicha ishlarni tashkil etishga kelishib olindi va bu borada tegishli qaror qabul qilindi.