Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning talab va takliflarini inobatga olgan holda ochiq muloqot tashkil etildi
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning talab va takliflarini inobatga olgan holda ochiq muloqot tashkil etildi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Davlat soliq qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi raisi, Biznes ombudsman hamda qator vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi qurilish sohasida hufyona iqtisodiyot ulushini qisqartirish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatidagi tizimli muammo va kamchiliklarni aniqlash, ularni oldini olish hamda samarali yechimlar ishlab chiqishdan iborat boʻldi. Shu bilan birga sohani yanada shaffof va ochiq mexanizmlar asosida rivojlantirish masalasi ham muhokama etildi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlarni qiynayotgan asosiy muammolar ochiq va samimiy muhokama qilindi. Xususan, ayrim me’yoriy-huquqiy noaniqliklar, ortiqcha byurokratik toʻsiqlar, qurilish loyihalarini amalga oshirishdagi kechikishlar va moliyalashtirish jarayonida yuzaga kelayotgan masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbirkorlar oʻz taklif va mulohazalarini bildirdi, muammolarni bartaraf etish boʻyicha amaliy yoʻllar muhokama qilindi. Shu orqali davlat organlari va xususiy sektor oʻrtasida ochiq muloqot hamda hamkorlik muhitini yanada kuchaytirish, sohadagi ishlarni tizimli ravishda takomillashtirish uchun zarur qadamlar belgilab olindi.