UZ
RU
Ўзбекистон Республикаси Қурилиш ва уй-жой
коммунал хўжалиги вазирлиги
Ишонч телефони
1298
Электрон манзил
info@mc.uz
Сайт харитаси
Вазирга мурожаат

Янгиликлар

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida vazir oʻrinbosari, nazorat qilish inspeksiyasi rahbari shuningdek, Adliya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa masʼul tashkilotlar vakillari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida vazir oʻrinbosari Davronjon Adilov, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi rahbari Kozim Toʻlaganov shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “Hududgaztaʼminot” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va boshqa masʼul tashkilotlar vakillari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Unda Toshkent shahrida qurilayotgan koʻp qavatli bino va inshootlarning bugungi holati, mavjud muammo va kamchiliklarga asosiy eʼtibor qaratildi.  
Taʼkidlandiki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-sonli qarori bilan qurilish sohasiga oid maʼmuriy Reglamentlar tasdiqlangan.

Mazkur Reglamentlarda qurilish ishlarini amalga oshirishda jismoniy va yuridik shaxslar arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini ishlab chiqish, loyiha-smeta hujjatlarini kelishish hamda qurilish-montaj ishlarini boshlashi uchun obyektni roʻyxatdan oʻtkazishlari shartligi koʻrsatib oʻtilgan.

Shuningdek, qurilish-montaj ishlari tugallangan obyektdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish tartibini amalga oshirilishi ham qatʼiy belgilab berilgan.

Biroq ayrim holatlarda shaharsozlik subyektlari yaʼni mulkdorlarning mazkur reglament talablarini bajarmasligi, oʻzboshimchalik bilan qurilishlar qilayotgan holatlari ham uchrab turibdi. 

Gap shundaki, yaqinda Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi poytaxtimizda tegishli qarorlarsiz, loyiha hujjatlari tasdiqlanmasdan yoki undan chetga chiqqan holda bino ustiga noqonuniy qoʻshimcha qavatlar qurilayotgan turar-joylarni oʻrgandi. 

Natijada Toshkent shahrida jami 79 ta koʻp qavatli turar-joy binolari qurilayotgan boʻlib, shundan 41 tasi  qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun inspeksiyani xabardor qilish orqali belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan. 38 ta obyektda esa roʻyxatdan oʻtmasdan turib,  qurilish-montaj ishlari olib borilganligi aniqlangan. Mazkur obyekt egalariga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortish choralari koʻrilgan.

Yigʻilishda ushbu obyektlar yuzasidan tegishli tashkilotlar oʻz xulosalarini bildirishlari lozimligi taʼkidlandi va shundan kelib chiqqan holda aniq chora-tadbirlar belgilab olishga kelishildi.