Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida vazir oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva boshchiligida tuman (shahar) hokimlari hamda boshqa mutasaddilar ishtirokida onlayn muloqot oʻtkazildi
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida vazir oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva boshchiligida tuman (shahar) hokimlari hamda boshqa mutasaddilar ishtirokida onlayn muloqot oʻtkazildi.
Unda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, qurilish-bunyodkorlik ishlari sifatini yanada yaxshilash, joriy kuz-qish mavsumini betalofat oʻtkazish kabi ustuvor masalalarga eʼtibor qaratildi. Murojaatlar turlicha. Biroq har bir masala individual yondoshuvni talab etadi. Shundan kelib chiqqan holda vazir oʻrinbosari O.Joʻrayeva masʼullarga kechiktirib boʻlmaydigan dolzarb masalalarni joyida hal etish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.
Taʼkidlash lozimki, mazkur uchrashuvlarda koʻtarilayotgan masalalar ijrosi yuzasidan yoʻl xaritasi ishlab chiqiladi.
Bugungi muloqot ham joylarda aholi va tadbirkorlik subyektlarini qiynab kelayotgan dolzarb muammolarga hamkorlikda yechim topish maqsadida tashkil etildi.
Jumladan, Qarshi shahar hokimi koʻp qavatli turar joylarning yertoʻlasidagi devor yoriqlarini bartaraf etish va aholi noroziligiga sabab boʻlayotgan BSKlarni almashtirish boʻyicha murojaat qilgan boʻlsa, Urgut tumani hokimi uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash, Xorazm viloyati hokimligi masʼullari esa aholini yetarli darajada issiqlik bilan taʼminlash masalalariga eʼtibor qaratdilar.
Shuningdek, Toyloq tumanidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivining kommunikatsiya masalalari, Ohangaron tumanidan noturar joyni turar joyga oʻtkazish, Oqqoʻrgʻon tumanida koʻp qavatli uylarning tom qismini taʼmirlash va lokal isitish tizimidagi muammolarni hal etish, Andijon shahar hokimi esa SHNQga amal qilishdagi ayrim nomutanosibliklar haqida oʻz fikrlarini bildirdilar.
Tadbir davomida yana bir qator boshqa masalalar ham oʻrtaga tashlandi. Takliflar oʻzaro muhokamalarda koʻrib chiqildi va bular boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar belgilandi.