“Qurilishda energiya samaradorlikni oshirishning istiqboldagi vazifalari” mavzusidagi respublika anjumani
Anjumanda ta’kidlanganidek, bugungi kunda qurilish sohasiga oid 105 ta normativ-texnik hujjatlardan 71 ta shaharsozlik normalari va qoidalari Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o’tkazilib, amalga kiritildi. 32 ta milliy standartlar O’zbekiston standartlar institutining buyrug’i bilan davlat ro’yxatiga olindi. Bundan tashqari yana 3 ta qurilish reglamenti ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Hozirda bino va inshootlarning xavfsizligi va energiya samaradorlikni oshirish maqsadida GIZ, UNDP va IFC kabi xalqaro tashkilotlar bilan kelishuvlar asosida energiya samaradorligiga oid 12 ta texnik-normativ hujjatlar takomillashtirilmoqda.
30 nafardan ortiq soha mutaxassislari texnik-normativ hujjatlarni takomillashtirishga oid xalqaro tajribani o’rganish maqsadida Koreya, Xitoy, Ozarbayjon, Rossiya, Turkiya va Fransiya davlatlarida xizmat safariga yuborildi.
Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot institut direktori v.v.b Muzaffar Mustapov mazkur ma’lumotlarni taqdim etar ekan institutning kelgusi vazifalariga ham to’xtalib o’tdi:
- Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoniga ko’ra quyidagilarni nazarda tutuvchi strategiya tasdiqlanib, bir qator yo’nalishlarda ishlarni tashkil etish belgilangan. Xususan:
- bino va inshootlarning xavfsizligi va energiya tejamkorligini oshirish, obyektning hayotiy davri mobaynida innovatsion texnologiyalarni qo’llashga yo’naltirilgan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ-hujjatlarni ishlab chiqish;
- qurilishda energiya jihatdan samarador va tejamkor materiallarni, asbob-uskunalarni qo’llashni kengaytirish;
- bino va inshootlarning energiya tejamkorlik sinflari bo’yicha tahliliy ma’lumotlar bazasini shakllantirgan holda ularning energetik auditi tizimini keng joriy etish;
- energiya tejamkor texnologiyalarni qo’llagan holda qurilish materiallarini ishlab chiqarish jarayonlari joriy etilgan korxonalarni rag’batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish shular jumlasidandir,- dedi M.Mustapov.