UZ
RU
Ўзбекистон Республикаси Қурилиш ва уй-жой
коммунал хўжалиги вазирлиги
Ишонч телефони
1298
Электрон манзил
info@mc.uz
Сайт харитаси
Вазирга мурожаат

Янгиликлар

"Qurilishda standartlashtirish sohasidagi yangi istiqbollar" mavzusida brifing

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi ilmiy tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari Jamshid Mirsaidov qurilishda standartlashtirish sohasidagi yangi istiqbollar to‘g‘risida ma’lumot berdi:

 Barchangizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 avgustdagi PF-151-son Farmoniga asosan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi va hozirgacha bir qator yo‘nalishlarda institut tomonidan samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

 Xususan, standartlashtirish sohasini rivojlantirishda:

 I. Yevropa Ittifoqidagi qurilish inshootlarini konstruktiv loyihalash bo‘yicha Yevropa Kengashining Yevrokodlarini amaliyotga joriy etish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

 Yevrokodlar O‘zbekistonda qurilish industriyasi raqobatbardoshligi va eksportbopligini oshirish, mahalliy va xalqaro investorlarni keng jalb qilish hamda ularning faoliyatiga to‘siq bo‘luvchi omillarni bartaraf etish, shuningdek, Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lish bo‘yicha davlat siyosati va mamlakat manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 Yevrokodlarda keltirilgan standartlar birlamchi talablar hisoblanadi! Shu bois Yevrokodlar sinov laboratoriyalari, standartlashtirish tizimlari va uslublari, qurilish materiallari sanoati, sifat menejmenti, kadrlar salohiyati va boshqa zarur infratuzilma bilan integrallashgan holda rivojlantirib boriladi.

 Bunda Yevrokodlarni hamda unda keltirilgan standartlarni Respublikamizda qabul qilish orqali qurilish materiallari va buyumlari uchun Yevropa sertifikatlarini olish xarajatlari qisqaradi, Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga javob beruvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish 

 va ularning bozorlarga erkin kirib borishiga imkon yaratiladi.

 Buning uchun qabul qilinishi rejalashtirilayotgan har bir Yevrokod to‘liq amaliyotga joriy etilishini ta’minlovchi standartlardan 30dan ortiq xalqaro va Yevropa standartlarini qabul qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

 II. So‘nggi yillarda BAZALT mahsulotlarini raqobatbardoshligini oshirish va eksport geografiyasini oshirish maqsadida halqaro talablar joriy qilinmoqda. 

 Natijada AQSH, Angliya, Polsha, Italiya, Chexiya, Gruziya, Rossiya, Xitoy, Turkiya va shu kabi mamlakatlarga yetkazib berish keng ko‘lamda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, boshqa mamlakatlar mahsulotlari bilan sifat va narx jihatidan munosib ravishda raqobatlashmoqda.

 Bundan tashqari yangi turdagi bazalt mahsulotlarini MDH mamlakatlariga yagona talablar asosida yetkazib berish, ishlab chiqaruvchi mahalliy sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga qaratilgan tarkibiy o‘zgartirishlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida institut tomonidan MDH davlatlari ishtirok etuvchi Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish bo‘yicha Davlatlararo Kengash (MGS) da “Bazalt mahsulotlari” nomli davlatlararo texnik qo‘mita tashkil etish yuzasidan Davlatlararo Kengash (MGS) mas’ullari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

 Shu bilan birga bugungi kunda bazalt mahsulotlari uchun 4 ta Amerika qo‘shma shtatlarining hamda 1 ta Yevropaning standartlari milliy standart sifatida qabul qilinib, mahsulotlarning mazkur standartlar talablarga muvofiqligi Yevropa mamlakatlariga sinovlardan o‘tkazildi. 

 III. Xalqaro standartlarning asosiy maqsadi xalqaro miqyosda yangi sifat tizimlarini ishlab chiqish va mavjud sifat tizimlarini takomillashtirish hamda ularni sertifikatlash uchun yagona uslubiy asosni yaratish hisoblanadi.

 Bugungi kunda Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy tadqiqot instituti tomonidan Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO)ning texnik qo‘mitalariga a’zolikni ta’minlash borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu o‘z navbatida mahalliy ishlab chiqarish korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, mahsulotlarni xalqaro talab darajasida modernizatsiya qilish, eksport hajmini oshirish, milliy standartlashtirish tizimini xalqaro standartlashtirish tizimlari bilan muvofiqlashtirish va ilmiy-texnikaviy taraqqiyotni jadallashtirishda qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratadi.

 Shuningdek, endilikda mazkur mahsulot turlari bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan standartlarga milliy ishlab chiqaruvchilarning takliflari kiritilib, ishlab chiqarishni xalqaro standart talabiga emas, xalqaro standartlarni maxalliy shart-sharoitlarga moslashishiga erishiladi.

 Bundan tashqari avgust oyi yakunida O‘zbekiston tarixida ilk bor Xalqaro standartlashtirish tashkilotining Beton konstruksiyalar bo‘yicha texnik qo‘mitasining yig‘ilishi yurtimizda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

 Mazkur tadbirda ilg‘or xorijiy mamlakatlarning 10 dan ortiq vakillari ishtiroki hamda xalqaro miqiyosda beton konstruksiyalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan istiqbollar to‘g‘risida muhokamalar kun tartibiga kiritilgan.

 IV. Texnik reglamentlar ishlab chiqish rejasiga muvofiq 2024-2025-yillarda qabul qilinishi belgilangan eshik va romlar, metallurgiya, bolalar o‘yin maydonlari jihozlari hamda qurilish materiallari va buyumlar uchun majburiy xavfsizlik talablarini belgilovchi texnik reglamentlarni halqaro talablar asosida ishlab chiqish ishlari tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda olib borilmoqda.

 Mazkur texnik reglamentlarni amaliyotga joriy etish natijasida qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish xalqaro talablari  asosida yangi bosqichga o‘tiladi.