Rahbariyat qabuli
Ma'lumki, xalq bilan muloqot tizimini yanada takomillashtirish, aholi uchun dolzarb bo‘lgan muammolarni tezkor hal etish maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, har haftaning juma kunlari vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasiga doir murojaatlari qabul qilinib kelinmoqda.
Bugungi bo‘lib o‘tgan qabulda ham fuqarolar tomonidan boshqaruv tashkilotlari faoliyati, "Mening uyim" billing tizimi, mulkdorlarning debitor qarzdoliklari, boshqaruv organlari o‘rtasidagi tashkiliy masalalar bilan bog‘liq 20 ga yaqin murojaat bildirildi va tegishli tartibda ko‘rib chiqildi. Xususan, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani Markaz-2 mavzesi 6-uy 2-xonadonda istiqomat qiluvchi Tatyana Murtazayevaning billing tizimi masalasida qilgan murojaati vazir o‘rinbosari tomonidan joyida ijobiy hal etildi. Toshkent shahri Chilonzor tumani 10-mavze 2-uy 22-xonadonda istiqomat qiluvchi Shuhrat Turdiyev esa BSKga to‘langan majburiy badal summasini qayta hisob-kitob qilish masalasida murojaat qildi. Joyida berilgan topshiriq asosida fuqaroning ushbu masalasi ham ijobiy hal etildi.
- Ayniqsa, kommunal xizmat ko'rsatish sohasida boshqaruv organlarining aholi bilan muloqotini to'g'ri tashkil etish, muammolarni tezkorlik bilan hal qilish, majburiy badallarining ayni nima maqsadlarga yo'naltirilayotgani, amalga oshirilgan ta'mirlash ishlari xususida davriy hisobotlarni o'z vaqtida berib borish o'rtada yuzaga kelishi mumkin bo'lgan o'zaro nizoli holatlar, turli kelishmovchiliklarni bartaraf qiladi. Faoliyatni sifatli tashkil etilishi, o'z o'rnida aholi tomonidan ham majburiyatlarning to'laqonli bajarilishi ikki tomonni bog'lovchi ishonch ko'prigini mustahkamlaydi, - deya ta'kidladi Ozoda Jo'rayeva.
Ma'lumot uchun, bugungi murojaatlarni o‘rganish natijasida ularning 4 tasi joyida ijobiy hal etildi, 6 tasi bo’yicha huquqiy maslahatlar berildi, 7 tasi mas'ullar tomonidan joyiga chiqqan holda o'rganishi belgilandi.






