Samarqand viloyatida ko‘p qavatli uylardagi uy-joy mulkdorlari va boshqaruv tashkilotlari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni hal etishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi
Samarqand viloyatida ko‘p qavatli uylardagi uy-joy mulkdorlari va boshqaruv tashkilotlari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni hal etishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi
Unda viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi, viloyat Sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyalari, tumanlararo va tuman sudlari sudyalari, viloyat Prokuraturasi vakillari, shuningdek, tuman hamda shahar boshqaruv servis kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Uy-joy inson hayotining ajralmas qismi hisoblanganligi sababli ko‘p qavatli uylar bilan bog‘liq nizolarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va qonuniy hal etish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashabbusi bilan mazkur yo‘nalishda amaliy qo‘llanma ishlab chiqilgan bo‘lib, u sudlarda yagona amaliyotni yo‘lga qo‘yish va boshqaruv organlari faoliyatida qo‘llash uchun muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Seminar davomida ushbu qo‘llanmada ko‘rsatilgan me’yoriy hujjatlar, boshqaruv organlarini mulkdorlar tomonidan tanlash tartibi, shartnomalardagi huquq va majburiyatlar, da’vo arizalarining shakllari hamda sudlarda ularni ko‘rib chiqish jarayonlariga oid masalalar batafsil tushuntirildi.
Yakunda sohada kuzatilayotgan xato va kamchiliklar, aholining e’tirozlariga sabab bo‘layotgan muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilishi zarur bo‘lgan yechimlar muhokama qilindi.