“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining “Xavfsiz lift” yagona idoralararo elektron platformasi" mavzusida brifing
Joriy yilning 1-mayidan boshlab “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining “Xavfsiz lift” yagona idoralararo elektron platformasi ishga tushirildi.
Davlatimiz rahbarining topshiriqlari asosida amalga oshirilayotgan mazkur tashabbus “Sanoat elektrotexnika mahsulotlaridan foydalanishda aholi xavfsizligini taʼminlash hamda ushbu mahsulotlar ustidan sifat nazoratini kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda “Respublikadagi koʻp kvartirali uylarning lift uskunalarini taʼmirlash va yangilashda belgilangan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Hukumat qarorlari asosida takomiliga yetkazilmoqda.
Endilikda yangi qurilib, foydalanishga topshirilayotgan koʻp kvartirali uy-joylardagi lift uskunalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish “Xavfsiz lift” yagona idoralararo platformasi orqali amalga oshiriladi, agar ushbu platforma orqali davlat roʻyxatidan oʻtkazilmasa yangi qurilgan koʻp kvartirali bino foydalanishga qabul qilinmaydi.
Shu oʻrinda savol tugʻiladi. Platformaning ishlash tartibi qanday boʻladi?
Dastlab, buyurtmachi tizimdan roʻyxatdan oʻtadi, liftlarning kerakli hujjatlarini, yaʼni sertifikat, pasport, dalolatnoma, liftlarga xizmat koʻrsatuvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnomalarni yuklaydi va ariza yuborish tugmasini bosadi.
Ariza Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining hududiy boʻlimlariga kelib tushadi va u oʻz navbatida mutaxassisga yuboriladi. Yuklangan hujjatlar bilan tanishgach, mutaxassis lokatsiyani lift turgan joyga chiqqan holda belgilaydi. Agar lift belgilangan talablar asosida, yaʼni kuzatuv kamerasi, ikki tomonlama ovoz kuchaytirgich, dispetcherlik markazlariga ulangan va ARD qurilmasi bilan jihozlangan boʻlsa qabul qilish tugmasini bosadi.
Agarda tizimga yuklangan hujjatlarda yoki belgilangan talablar bajarilmagan boʻlsa, mutaxassis rad etish tugmasini bosadi va tizim arizani avtomatik tarzda buyurtmachiga yuboradi.
Mutaxassis qabul qilish tugmasini bosgandan soʻng ushbu hujjat Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasiga kelib tushadi hamda masʼul xodim tomonidan davlat roʻyxatiga kiritilgach, buyurtmachiga QR-kodli maʼlumotnoma yuboriladi.
Buyurtmachi mazkur QR-kodlarni belgilangan tartibda liftdan foydalanuvchilarga koʻrinarli holda liftning kabina qismiga oʻrnatib qoʻyishi talab etiladi.
Liftdan foydalanuvchilar mazkur QR-kodni telefon qurilmasi orqali skaner qilganda ushbu lift toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks etishi lozim. Bunda lift kim tomonidan oʻrnatilganligi, qaysi tashkilot tomonidan xizmat koʻrsatilishi, oxirgi marta oʻtkazilgan texnik koʻrik natijalari, oʻrnatilgan yili kabi maʼlumotlar namoyon boʻladi.
Shuningdek, platformada liftlarga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarning reyestri ham yuritib boriladi.
Mazkur reyestrga liftga xizmat koʻrsatuvchining liftlarni oʻrnatish va taʼmirlash faoliyati uchun olgan ruxsatnomasi mavjud yoki mavjud emasligi, uning amal qilish muddati kiritilgan boʻlishi kerak. Xususan, liftlarga xizmat koʻrsatuvchi mutaxassislar toʻgʻrisida maʼlumotlar kiritilishi zarur.
Kelgusida “Xavfsiz lift” yagona idoralararo platformasi orqali respublikadagi koʻp qavatli uy-joylarning barcha lift uskunalarini real vaqt rejimida kuzatib borish imkoni yaratiladi.
Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan respublikadagi 5 491 ta koʻp kvartirali uy-joylardagi 13 798 ta lift uskunalari toʻliq xatlovdan oʻtkazildi. Natijada ekspluatatsiya muddati oʻtab boʻlgan 2 001 ta liftni yangilash va 382 ta liftni taʼmirlash kerakligi aniqlandi. Ushbu maqsadlar uchun mahalliy budjet mablagʻlaridan 854,6 mlrd soʻm ajratilishi belgilandi.
Umuman olganda bu boradagi amaliy chora-tadbirlar koʻp kvartirali uylardagi lift uskunalarining texnik holatini tubdan yaxshilash, avariyalarning oldini olish, aholiga havfsiz sharoit yaratish va lift uskunalarini monitoring qilish, shuningdek, zamonaviy dispetcherlik xizmatini koʻrsatish kabi maqsadlarga xizmat qiladi.