Shishadan mato ishlab chiqaruvchi korxonaga press-tur o‘tkazildi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida energiya samarador qurilish mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati bilan tanishish maqsadida jurnalistlar uchun press-tur tashkil etdi.
Tadbirning dastlabki manzili Angren shahrida joylashgan, shishadan mato ishlab chiqaruvchi va Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan korxona bo‘ldi.
2023-yilda asos solinib, 2024-yilda ishga tushirilgan ushbu korxona 6 million dollar investitsiya asosida tashkil etilgan bo‘lib, yiliga 80 million kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxonada 15 turdagi energiya tejamkor mahsulot, jumladan shisha tolali matolar ishlab chiqariladi. Bu esa qurilishda issiqlik izolyatsiyasi va energiya samaradorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.