Tadbirkorlar murojaati hamisha eʼtiborda
Avval xabar berib kelayotganimizdek, bugun ham rejaga koʻra Andijonda qurilish va kommunal sohada faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtmoqda. Vazir oʻrinbosari tadbirkorlarga yuzlanar ekan, ushbu uchrashuv faoliyatda yuzaga kelayotgan barcha muammo va masalalarni ochiq bayon qilish va uning yechimini manzilli hal etish asosiy maqsad ekanligini alohida taʼkidladi.
Eʼtirof etildiki, har bir masala toifasiga qarab umumlashtiriladi va bu boʻyicha "Yoʻl xaritasi" ishlab chiqiladi.



Andijon viloyatida ham boshqa hududlar qatori qurilish bunyodkorlik sohasida salmoqli tashabbuslarga qoʻl urilmoqda. Yangi massivlar, ijtimoiy soha obyektlari kabi turli sohalarda qurilish ishlari jadal ketmoqda. Ammo qurilish-pudrat tashkilotlarining baʼzilarida “Shaffof qurilish” MATda hujjatlar aylanishida tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda.
Tadbirkor oʻz murojaatida bu boradagi mavjud masalasiga aniq javob oldi va muammo hal etildi. Shuningdek, "Yangi Andijon" massividagi maʼmuriy hududlarning bosh rejalarini ishlab chiqishni tezlashtirish, koʻp qavatli uylarning yertoʻla qismidan samarali foydalanish kabi masalalar boʻyicha murojaatlar yoʻllandi.



Vazir oʻrinbosari D.Adilov tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlatimizda yuritilayotgan xalqchil siyosatning asosiy yoʻnalishlaridan biri ekanligini taʼkidlar ekan, ularni qiynab kelayotgan masalaga befarqlik bilan qarashga hech kimning haqqi yoʻqligini alohida eʼtirof etdi. Onlayn muloqotda tadbirkorlar reyting yuritish tartibiga oid yuzaga kelayotgan masalalarini ham ochiq oydin bayon qildilar.
Jumladan, qurilish tashkiloti masʼuli oʻz murojaatida obyektlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni optimallashtirishga doir takliflarini bildirdi. Andijonlik yana bir tadbirkor M.Akramov “Shaffof qurilish”MAT orqali yuzaga kelgan tushunmovchilik haqidagi muammosiga yechim topdi. Onlayn muloqot davom etmoqda.


Haqiqatdan ham har bir murojaat zamirida tadbirkorning dardi bor. Bu jihatlar ularning yoʻllagan savollarida ham namoyon boʻldi. Vazir oʻrinbosari tadbirkorlardan muammolarni ochiq oydin yoʻllashni soʻrar ekan, barcha murojaatni shaxsan nazoratga olganligini alohida taʼkidladi. Loyiha tashkilotlari muammolarini hal etish, reyting, tender va ekspertiza yoʻnalishlarida duch kelinayotgan muammolar yechimi boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.

