“Tanqid -muammo emas, u sohani yaxshilashga qaratilgan impuls” mavzusida amaliy seminar
“Tanqid - muammo emas, u sohani yaxshilashga qaratilgan impuls” mavzusidagi amaliy seminarni Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva ochib berdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi globallashuv zamonida axborot eng kuchli qurolga aylandi. Bu maydonda ozgina e’tiborsizlik ham katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Shu ma’noda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’siri, faoliyat samaradorligi va ta’sirchanligini oshirish, ularning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, soha xodimlarining mehnatini har tomonlama rag‘batlantirish hamisha ustuvor vazifa bo‘lib kelmoqda. Bu borada keyingi yillarda 10 dan ortiq qonun hujjati qabul qilinganini, media sohasi, xususan, axborot xizmatlari tizimi tubdan yangilanganmoqda.
- Sir emas, biz faoliyat yuritayotgan soha mamlakatimiz iqtisodiyotining eng murakkab tizimlaridan biri hisoblanadi. Qurilish va kommunal sohada yetarlicha muammolar bor, ularni o‘z vaqtida samarali bartaraf etishda biz aynan jamoatchilik fikri, ommaviy axborot vositalarining kuchiga tayanamiz. Shu bois vazirligimiz ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Shuningdek, vazirlik matbuot xizmati bilan ijtimoiy tarmoqlarda onlayn efirlarni tashkil etish, unda jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan savollarga javob berish, qurilish obyektlari va ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv tashkilotlari faoliyatini o‘rganish maqsadida reyd tadbirlari o‘tkazishga alohida ahamiyat qaratib kelinadi. Tizimdagi korrupsion holatlar ham e’tiborimizdan chetda qolmaydi. Albatta, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, sohada islohotlarni ortga suruvchi kishilar ham yo‘q emas. Muhimi, bu jinoyatlarga o‘z vaqtida ta’sirchan chora ko‘rish va soha shaffofligini oshirish lozim,- dedi Ozoda Joʻrayeva.


Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bo‘lim boshlig‘i Sadoqat Aslanova soʻzga chiqib, davlat tashkilotlarida ochiqlikni ta’minlash zarurati haqida fikr yuritdi.
- Mamlakatimizda axborot erkinligini ta’minlash, bunda davlat tashkilotlari mas’uliyatini oshirishga qaratilgan ishlar bugun oʻz samarasini koʻrsatmoqda. Sohada qabul qilingan qonun hujjatlari bilan belgilab berilgan vazifalar asnosida 2019-yilda respublika miqyosida 100 ta matbuot xizmatlari boʻlgan boʻlsa, hozirgi kunda bu koʻrsatkich 1 000 dan oshdi. Shuningdek, 2016-2017- yillar davomida tanqidiy materiallarga munosabat berish 20 fozini tashkil qilgan boʻlsa, bugungi kunda 96 foiz muammolarga oʻz vaqtida munosabat berilmoqda. Raqamlar koʻrsatadiki, sohada tub oʻzgarishlar bor. Bu islohotlar mamlakatimizning har bir sohasidagi aholi muammolarini bartaraf etishga xizmat qilmoqda, - deya ta’kidladi Sadoqat Aslanova.
Shu bilan birga qurilish va kommunal sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash yoʻnalishida mavjud muammolarga oʻz vaqtida yechim topish, bunda mutaxassislar jamoasini tashkil etish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.



