Tanqid va tahlil
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasida ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish sohasidagi dolzarb vazifalar, mavjud muammolar va ularning yechimlariga bag‘ishlangan tanqidiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining sohani yaxshilashga qaratilgan e’tiborlari tufayli mamlakatimizda ko‘p kvartirali uylarni ta’mirlash-tiklash hamda ularga tutash hududlarni obodonlashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Lekin, sohada yechimini kutayotgan dolzarb masalalar ham yo‘q emas. Xususan, “Yuksalish” harakati tomonidan joriy yilning fevral oyida ko‘p kvartirali uylarni boshqarish va boshqaruv organlarining faoliyat samaradorligi hamda aholi fikri o‘rganildi. Unga ko‘ra ba’zi boshqaruv organlarining talab darajasida xizmat ko‘rsatmasligi, obodonlashtirish ishlari olib borilmasligi aholining haqli noroziligiga sabab bo‘layotganligi aniqlandi.
Jumladan, o‘rganilgan 52 ta ko‘p kvartirali uyning yerto‘lasiga 16 ta boshqaruv kompaniyasi tomonidan talab darajasida yoki umuman xizmat ko‘rsatilmasligi oqibatida chiqindilardan tozalanmasligi, 34 ta ko‘p kvartirali uyning fasad qismida 18 ta boshqaruv kompaniyasi tomonidan joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilmagani natijasida uylarning fasad qismi ta’mirtalab holga kelib qolgani ma’lum bo‘ldi.
Shu bilan birga mahalliy davlat idoralarining boshqaruv organlari faoliyatiga asossiz aralashuvi deputatlar tomonidan qat'iy tanqid ostiga olinib, qonunga zid ekanligi qayd etildi. Muhokamalar davomida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva so‘zga chiqib, ko‘p qavatli uylarni boshqarish sohasida nazorat tizimini kuchaytirish zarurati haqida fikr bildirdi:
-Ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillar kommunal soha tub islohotlar, o‘zgarishlar davriga aylanmoqda. Bu yo‘lda erishilgan bir qancha yutuqlar qatori, yechimi dolzarb bo‘lgan kamchiliklar borligini alohida ta’kidlash lozim. Jumladan, ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv kompaniyalari ustidan nazorat tizimini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, qonunchilikka umumiy yig‘ilishlarni onlayn formatda o‘tkazish imkoniyatini yaratish kabi zamonaviy talablar asosida qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishimiz zarur. Boshqarish organlari xalq oldida hisobdor bo‘lishi shart! Bundan buyon, mulkdorlarga o‘z vaqtida hisobot bermagan boshqarish organlariga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi.
Ochiqlik, tizimni to‘liq raqamlashtirish va inson omilini kamaytirish orqali biz yurtdoshlarimizning qonuniy manfaatlarini ta’minlay olamiz. Ko‘p qavatli uy taqdirini aholi hal etishi lozim. Bu borada davlat idoralarining noqonuniy aralshuviga chek qo‘yilishi shart, - dedi Ozoda Jo‘rayeva.
Tadbir so‘nggida sohada izchil islohotlarni davom ettirish hamda mavjud kamchiliklarni oldini olish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqilib, tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olindi. Jumladan, sohada samarali nazorat mexanizmini joriy etish, aholi huquqlarini himoya qilish, jamoatchilik vakillarining boshqaruv kompaniyalari faoliyatini baholash imkoniyatlarini yaratish, boshqaruv organlarining salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, xalqaro tajribaga asoslangan yondashuvlarni qo‘llash lozimligi qayd etildi.