Taqdimot: 2024-yilda Surxondaryo viloyatida qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjaligi boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar
Surxondaryo viloyati hokimligi, viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi Bosh boshqarmasi vakillari hamda qator tashkilot, idora va korxonalar rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtgan taqdimot davomida joriy yilda belgilab olingan rejalar, yangi loyihalar va qoʻshimcha imkoniyatlarni ishga solgan holda tarmoqlarni rivojlantirish ishlari yuzasidan axborot berildi. Sohada oʻz yechimini kutayotgan muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalar, yangi imkoniyatlarni ishga solish boʻyicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Taʼkidlash kerakki, bugun Surxondaryoda aholini uy-joy bilan taʼminlash koʻlami yanada kengaymoqda. Xususan, Qumqoʻrgʻon tumanining “Bogʻaro” mahallasi hududida loyiha qiymati 113 mlrd 270mln soʻm boʻlgan, 2.10 ga yer maydonidan 7ta 9 qavatli, 2 va 3 xonali koʻp qavatli uy-joylar qurilmoqda. Jami 468ta xonadondan iborat koʻp qavatli uylar atrofida uzunligi 40, eni 14 metr boʻlgan koʻrkam bogʻ, avtoturargoh, har bir uy oldida bolalar maydonchasi ham barpo etiladi. “Quruvchi Shavkatboy” MCHJ tomonidan qurilishi boshlangan hududga 6ta maxsus texnika va 25 nafardan ortiq mutaxassislar jalb etilgan.
Termiz shahrida esa “Alpomish” kurash majmuasining yangi binosi barpo etilmoqda. Hozirda loyiha qurilishi yakuniy bosqichda boʻlib, ishlar nihoyasiga yetgach, sportchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi.
Shuningdek, Surxondaryoda yagona xususiy oliygoh – Termiz iqtisodiyot va servis institutining yangi oʻquv binosi ham barpo etilmoqda. “Yulduz” mahallasi hududidan qurilayotgan mazkur bino 7 qavatdan iborat boʻlib, qurilish ishlari yakunlangach bir vaqtning oʻzida 15 ming nafar talabalarning mazkur dargohda tahsil olishi mumkin boʻladi.





