Tender ishtirokchilari diqqatiga!
Tender jarayonida yanada qulaylik va shaffoflikni ta'minlash maqsadida talabgorlar ilgari yutib olgan obyektlari uchun reytingdagi jami ballga nisbatan qo‘llanilgan chegirma balini qaytarib berish bo‘yicha yangi mexanizm ishga tushirildi.
Endilikda obyektlar bo‘yicha pudrat shartnomalarida belgilangan majburiyatlar to‘liq bajarilganda loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkiloti tomonidan ushbu ma’lumotlar hamda shartnoma shartlari bajarilganligini asoslovchi hujjatlar "Shaffof qurilish" axborot tizimiga kiritiladi. Mazkur ma’lumotlar moderator tomonidan ko‘rib chiqilib, tasdiqlangandan so‘ng chegirilgan reyting ballari qaytariladi.
Buning uchun:
- pudratchi tender.mc.uz axborot tizimiga o‘zining elektron raqamli imzosi (ERI) yordamida kirib, obyektlar ro‘yxatidan ishlar yakunlangan obyektni topadi;
- qurilishi (yoki rekonstruksiyasi) tugallangan obyektni foydalanishga qabul qilish to‘g‘risidagi davlat qabul komissiyasi dalolatnomasini yuklaydi va ERI bilan tasdiqlaydi. Loyiha tashkilotlari esa davlat shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi xulosasini yuklaydi;
- buyurtmachi o‘zining kabineti orqali pudratchi tomonidan yuborilgan hujjatlarni ERI yordamida tasdiqlaydi;
- moderator o‘zining kabineti orqali pudratchi tomonidan yuborilgan hujjatlarni ERI yordamida tasdiqlaydi.
Eslatma!
Buyurtmachi tomonidan pudrat shartnomasi bo‘yicha ishlar to‘liq bajarilganligi va obyekt foydalanishga topshirilganligi ko‘rib chiqiladi.
Moderator tomonidan hujjatlarning belgilangan shakl va formatda to‘g‘ri yuklanganligi ko‘rib chiqiladi.
Qurilishi (yoki rekonstruksiyasi) tugallangan obyektni foydalanishga qabul qilish to‘g‘risidagi davlat qabul komissiyasi dalolatnomasi barcha a’zolar tomonidan to‘liq imzolangan bo‘lishi hamda qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining imzosi va muhrini o‘z ichiga olgan bo‘lishi lozim.